Politico: Yevroittifoq Rossiyani «qora ro‘yxati»ga kiritdi
Yevropa Ittifoqi rasman Rossiyani pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirish xavfi yuqori yurisdiksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.
Bu haqda hujjat va qarordan xabardor ikki manba Politico nashriga tasdiqlagan, biroq hozircha rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinmadi.
Rossiya uchun bu barcha moliyaviy operatsiyalarining xavfli deb topilishini anglatadi. Yevropadagi banklar va moliya muassasalari rossiyalik shaxslar, kompaniyalar, banklar va benefitsiarlar bilan bog‘liq har qanday operatsiyada kuchaytirilgan tekshiruv (Enhanced Due Diligence) qo‘llaydi. Banklar mablag‘ manbasini aniqlashga, operatsiya maqsadini so‘rashga hamda tranzaksiyalarni doimiy kuzatib borishga majbur bo‘ladi.
YeI banklari va kompaniyalari qo‘shimcha risklarni olmaslik uchun hisob ochishni rad etishi, mavjud hisoblarni yopishi va to‘lovlarni kechiktirishi yoki bekor qilishi mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, rossiyalik jismoniy va yuridik shaxslar uchun Yevropadagi moliyaviy hayot jiddiy qiyinlashadi. Jumladan, biznes yuritish, investitsiya qilish, o‘qish uchun turli to‘lovlar, ko‘chmas mulk sotib olish va depozit va valyuta operatsiyalarida qiyinchiliklarga ro‘baro‘ kelishadi.
Politico tanishgan hujjatga ko‘ra, Yevrokomissiya Moskva bilan ma’lumot almashilmagani sababli baho berish murakkablashgani ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya 2022-yildan FATF faoliyatidan chetlatilgan bo‘lsa-da, tashkilot hali Rossiyani «qora» yoki «kulrang» ro‘yxatga kiritmagan edi. YeI esa mustaqil ravishda Rossiyani xavfli yurisdiksiya deb topdi. Bu esa Yevropaning Rossiyaga moliyaviy ishonch darajasi juda past ekanini ko‘rsatadi.
Yevroittifoq Rossiyani qora ro‘yxatga kiritish uchun qator davlatlarda terroristik tashkilot deb tan olingan Vagner harbiy guruhini moliyalashtirish, Shimoliy Koreya va Eron kontragentlari bilan moliyaviy munosabatlar, sanksiyalar va yuvish cheklovlarini aylanib o‘tishga xizmat qilayotgan kriptobirjalar tizimini yaratish kabi operatsiyalarni yetarli asos deb topgan.
Manba: politico.eu


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter