«Portalda hech qanday to‘siq o‘rnatilmagan» — Bahrom Ziyayev
Bugun, 8 sentyabr kuni Milliy matbuot markazida Davlat statistika qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma’lumotlar sohasini yanada rivojlantirish istiqbollari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida ochiq ma’lumotlarning ochiqlik va sifat darajasi, ularni fuqarolarga va jahon hamjamiyatiga yetkazishning amaldagi mexanizmlari, shuningdek, davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash orqali O‘zbekiston Respublikasining jahon maydonidagi imijini hamda investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, fuqarolar, tadbirkorlik sub’yektlari va boshqa soha mutaxassislarining o‘z faoliyatida ochiq ma’lumotlardan erkin foydalana olishini, ma’lumotlar asosida tahliliy ishlarni olib borish, mobil ilovalar ishlab chiqish yoki ilmiy izlanish jarayonlarida mazkur ma’lumotlardan foydalanishni ta’minlash maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portali yangi talqinda (data.egov.uz) ishlab chiqilgani va ishga tushirilgani ma’lum qilindi.
«Hozirgi kunda axborot texnologiyalari rivojlanib, barcha ma’lumotlar raqamlashtirilayotgani hech kimga sir emas. Shu jumladan, vazirlik va idoralarga tegishli ma’lumotlar ham elektronlashtirilmoqda. Albatta, bu kabi sa’y-harakatlar ortidan aholi va davlat idoralariga ancha yengilliklar yaratiladi. Endi har kim o‘zi istagan ma’lumotni bizning Ochiq ma’lumotlar bazamizdan olishi mumkin. Bunda portalda hech qanday to‘siq o‘rnatilmagan. Ma’lumot joylash tartibini shunday tashkil qilganmizki, buni tizimga daxldor organlarning o‘zlari mustaqil amalga oshira oladilar», — ta’kidladi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari Bahrom Ziyayev.
«Ushbu portal yaratilishidagi yutuqlarimizdan biri sifatida aytadigan bo‘lsam, bizda 2013-2021 yillarda tizimda 10 000 ga yaqin ma’lumot joylangan bo‘lsa, Open Data portalida har bir vazirlik o‘z ma’lumotlarini joylash imkoniyatini yaratganimizdan so‘ng, oxirgi ikki oy ichida 1000dan oshiq ma’lumot joylashtirildi. Bizda joylashtirilgan materiallarning sifat darajasini aniqlashimizga ham imkoniyat paydo bo‘ldi. Hozirda ma’lumotlar o‘zbek (kirill va lotin yozuvlarida), rus va ingliz tilida joylashtirilib kelmoqda. Nimaga endi aynan ingliz tili ham qo‘shildi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Bugungi kunda mamlakatimizda chet ellik investorlar soni ortib borayotgani hisobiga ingliz tili kiritilgan», — deya qo‘shimcha qildi Bahrom Ziyayev.
Matbuot anjumanida yangi portalning quyidagi imkoniyatlari yaratilgani aytib o‘tildi:
- Ochiq ma’lumotlar portali faoliyati doirasida mahalliy ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari hamda axborot texnologiyalari sohasidagi dasturchilar va tashkilotlarga sun’iy intellekt asosidagi dasturiy ta’minotda foydalanish uchun davlat va boshqa ma’lumotlar to‘plamlarini olish imkoniyatini taqdim etuvchi raqamli ma’lumotlar platformasi;
- ma’lumotlarni standartlashtirilgan shaklda yuritish, interaktiv xaritaga ob’yektning geografik joylashuv ma’lumotlarini kiritish imkoniyati;
- ochiq ma’lumotlar to‘plamlarida aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining ehtiyojlarini hisobga olish mexanizmi;
- ochiq ma’lumotlar to‘plamlarini o‘z vaqtida joylashtirish va ularni yangilash ustidan avtomatik ravishda nazorat qilish imkoniyati;
- ma’lumotlar bilan ishlashda foydalanuvchilarga, jumladan ko‘rish imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulayliklar;
- har bir ma’lumotga alohida takrorlanmas ID biriktirish hamda tegishli ma’lumotlarni joylashtirish, qayta ishlash, saqlash va izlashni uning yordamida amalga oshirish imkoniyati;
- ma’lumotlarni o‘z vaqtida yangilab borishning monitoring tizimi hamda muddatida joylashtirilmagan ma’lumotlar bo‘yicha vazirlik va idoralarning shaxsiy kabinetiga xabar jo‘natish imkoniyati;
- ma’lumotlarni onlayn tarzda yangilab borishni yo‘lga qo‘yish maqsadida davlat organlarining idoraviy axborot tizimlari va resurslarini portal bilan integratsiya qilish funksiyasi.
- Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portali faoliyati doirasida mahalliy ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari hamda axborot texnologiyalari sohasidagi dasturchilar va tashkilotlarga sun’iy intellekt asosidagi dasturiy ta’minotda foydalanish uchun davlat va boshqa ma’lumotlar to‘plamlarini olish imkoniyatini taqdim etuvchi raqamli ma’lumotlar platformasi yaratilganligi to‘g‘risida aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, mazkur tadbirda 2019-2021 yillarda mamlakatimizda ochiq ma’lumotlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilgani va bu ishlar orqali quyidagi natijalarga erishilganligi alohida e’tirof etildi:
- «Open data Inception» tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, jahon mamlakatlari orasida O‘zbekiston 99 ta ochiq ma’lumotlar manbalari bilan ochiq ma’lumotlar manbalari soni bo‘yicha jahonda 5-o‘rinni egalladi;
- «Open Data Inventory» (ODIN) Ochiq ma’lumotlar reytingida O‘zbekiston Respublikasi 63 ballni to‘pladi va reytingda 125 ta pozitsiyaga ko‘tarilib, dunyoda 44-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi;
- Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Elektron hukumat kuzatuvi 2020» da «Ochiq davlat ma’lumotlari indeksi» bo‘yicha O‘zbekiston eng yuqori (Very High OGDI) ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan jahonning 41 ta mamlakati orasidan joy oldi;
- O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro ochiq ma’lumotlar Xartiyasiga qo‘shilgan jahondagi 23-mamlakat, Osiyoda esa Janubiy Koreya va Filippindan keyingi uchinchi davlat bo‘ldi.
- O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portalini yangi talqiniga joylashtirish uchun 3341 ta ochiq ma’lumotlar to‘plamidan iborat bo‘lgan yangi ro‘yxat shakllantirildi.
Matbuot anjumanida yaratilgan yangi portal davlatimizning xalqaro miqyosdagi imiji va salohiyatini nufuzli reytinglarda aks ettirilishi hamda buning natijasida xalqaro investorlar uchun ishonchli ma’lumotlar manbasi bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter