Poytaxt va uning 11 ta tumani elektr tarmoqlari boshliqlari intizomiy javobgarlikka tortildi

Toshkent shahrining turli tumanlarida elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq avariyalar hamda tarmoqlarda kuchlanishning pasayib ketishi ortidan «Toshkent shahar elektr tarmoqlari» MChJ boshlig‘i va 11 nafar tuman elektr ta’minoti korxonalari boshliqlari, 13 nafar tuman korxonasi bosh muhandislari, 3 nafar tuman korxonasi dispetcherlik xizmati xodimlari — jami 28 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.
Bosh prokuratura o‘rganishlariga ko‘ra, «Toshkent shahar elektr tarmoqlari» mas’uliyati cheklangan jamiyatida tizimli muammolar borligi ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, korxonada shtat yetarli emasligi ma’lum qilindi. Jamiyatning 410 nafar ishchi-xodimdan iborat 78 ta avariya brigadasi, 34 ta maxsus avtotransport vositasi yuzaga kelayotgan avariya holatlarini bartaraf etish uchun yetarli emas. 35 ta shtat birliklariga ehtiyoj mavjud.
Shuningdek:
- Kadrlar qo‘nimsizligi. So‘nggi uch yilda jamiyatda faoliyat yuritib kelayotgan xodimlarning 30 foizi ish haqining kamligi va ish hajmining kattaligi sababli tizimdan bo‘shagan. Shundan 228 nafari yoki 45 foizi aynan ekspluatatsiya xizmati mutaxassislarini tashkil etadi.
- Tarmoq modernizatsiyaga muhtoj. 9 749 kilometrdan ortiq elektr tarmog‘ining 2 540 kilometr yoki 26 foizi ta’mirtalab ahvolda, mavjud 90 ta podstansiyaning 9 tasi modernizatsiya qilinishi, 2 tasining quvvati oshirilishi lozim.
- Maxsus laboratoriyalar ahvoli og‘ir. Mavjud 11 ta maxsus laboratoriya avtomashinasining 6 tasi zamon talablariga javob bermaydi, shundan tungi vaqtda bor-yo‘g‘i ikkitasi navbatchi sifatida o‘z xizmatini o‘tamoqda. Bu bir vaqtning o‘zida bir nechta hududda o‘chishlar sodir bo‘lgan taqdirda qisqa muddatda avariyani aniqlash va to‘liq bartaraf etish imkoni bermayapti.
- Call-markazga ulanishda katta navbat. Hozirda tizimdagi 1154-raqamli CALL-markaz orqali murojaatlarni qabul qiluvchi operatorlar 5 nafarni tashkil etadi. Shu sababli operator bilan ulanish uchun 60-70 tagacha navbat yuzaga kelgan. O‘rganish natijasida markazga qo‘shimcha 10 nafar operator biriktirildi.
- Iste’molchilarni ogohlantirish. Cheklovlar va avariyalar haqida iste’molchilarni vaqtida xabardor qilish ham talab darajasida tashkil etilmagan. Iyul oyining 23 kunida 64 ta avariya bo‘yicha iste’molchilar ogohlantirilmagan, 112 tasi bo‘yicha esa kech ogohlantirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter