Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

PPX xodimlari daraxtlarning kesilishini nazoratga oladi

PPX xodimlari daraxtlarning kesilishini nazoratga oladi

Foto: «Darakchi.uz»

«Toshkent shahri hududidagi mavjud manzarali daraxt va butalar muhofazasini kuchaytirish, daraxtlarning noqonuniy kesilishi holatlarining oldini olish, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun yer uchastkalarini ajratishda daraxtlar va ko‘p yillik butalarni saqlab qolish tizimini tashkillashtirish to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Toshkent shahar hokimligi o‘rtasida qo‘shma qaror imzolandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha majmuasi, Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda Obodonlashtirish bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Toshkent shahrida mavjud manzarali daraxtlarni muhofaza qilish chora-tadbirlari rejasi tasdiqlandi. Toshkent shahar arxitektura bosh boshqarmasi tomonidan Toshkent shahrida qurilish uchun yer ajratish bo‘yicha tayyorlanadigan hujjatlar xulosalarida belgilanayotgan hududlarda mavjud ko‘p yillik o‘simliklar va daraxtlarning turi, soni, ularning hajmi haqidagi ma’lumotlarning ko‘rsatilishi qat’iy yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent shahridagi mavjud daraxtlarga shakl berish (butash) ishlarini yagona tartibga keltirish va bu ishlarni bajarishda agrotexnika qoidalariga rioya etilishi yuzasidan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘simliklarni himoya qilish instituti, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va boshqa aloqador tashkilotlar bilan hamkorlikda «Toshkent shahar hududidagi daraxt va butalarni kesish, qirqish (shakl berish) va ko‘p yillik o‘simliklarga agrotexnik ishlov berish qoidalari»ni ishlab chiqib, tasdiqlash bo‘yicha takliflar kiritilishi ma’lum qilindi.

2018-yilning 1-sentabridan boshlab Toshkent shahrida daraxtlarga shakl berish, ularni kesish ishlarini bajarish Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining xulosasiga ko‘ra tuman hokimliklarining ruxsatnomasi asosida faqat Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan tashkilotlar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshirilishi qat’iy belgilandi. Kesishdan hosil bo‘lgan yog‘ochlar mahsulotlarining hisobini yuritib, belgilangan tartibda kirim qilinadi.

Yuqoridagi jarayonlarni amalga oshirishda daraxtlarga shakl berilayotgan yoki kesilayotgan hududdagi mahalla fuqarolar yig‘ini va mahalla profilaktika inspektorlarini xabardor qilish kerak bo‘ladi. Tuman hokimliklari tomonidan daraxt va butalarni kesishga berilgan ruxsatnomalarni Toshkent shahar hokimligining rasmiy saytiga joylashtirish va kesilish (shakl berish) belgilangan daraxtlar haqida oldindan xabar berib borish joriy etiladi.

Qurilish va boshqa ishlarni amalga oshirish uchun ajratilgan yer maydonlarida ruxsatnoma asosida kesilgani uchun hududning holatidan kelib chiqib, har bir kesilgan daraxt tupi uchun 10 tupgacha manzarali daraxtlarning ekilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Obodonlashtirish boshqarmasi, mahalla fuqarolar yig‘ini, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamda korxona va tashkilotlar hududidagi mavjud daraxt va butalarni xatlovdan o‘tkazib, ularni muhofaza qilish, noqonuniy tarzda kesilishining oldini olish yuzasidan shaxsan javobgarligi belgilandi.

Jamoat tartibini saqlash post patrul xizmati xodimlari o‘ziga biriktirilgan hududda noqonuniy daraxt va butalarni kesish holatlarini profilaktika qilish va oldini olish tadbirlarini amalga oshiradi. Avtotransport vositalarida tashilayotgan daraxtlarning tanalarining kelib chiqish qonuniyligi yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazib, qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘riladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring