Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident 2019-yil nomini e’lon qildi

Prezident 2019-yil nomini e’lon qildi

Foto: «Taraqqiyot strategiyasi» markazi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi bugun, 28 dekabr kuni bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifiga muvofiq joriy yildagi ishlarni mantiqiy davom ettirish va yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida 2019-yil mamlakatimizda «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb e’lon qilindi.

Investitsiya – bu iqtisodiyot drayveri, iqtisodiyotning yuragi. Investitsiya bilan birga turli soha va tarmoqlarga, hududlarga yangi texnologiyalar, ilg‘or tajribalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib keladi, tadbirkorlik jadal rivojlanadi. 

«Yurtimizda yashayotgan har qaysi inson, millati, tili va dinidan qat’i nazar, erkin, tinch va badavlat umr kechirishi, bugun hayotdan rozi bo‘lib yashashi – bizning bosh maqsadimizdir», deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari bu yo‘nalishdagi ulkan rejalar va muhim vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

Ochiq iqtisodiyot, sog‘lom raqobat, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Yoshlarga munosib ta’lim berish, ilmiy va o‘quv jarayonlari sifatini tubdan yaxshilash, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan ishlar yangi bosqichda davom ettiriladi.

«Biz faqat investitsiyalarni faol jalb qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hisobidan iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirishga erishamiz. Iqtisodiyotdagi ijobiy natijalar esa ijtimoiy sohada to‘planib qolgan muammolarni tizimli hal etish imkonini yaratadi», dedi davlatimiz rahbari.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring