Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident gaz yetkazib berish loyihasi bilan tanishdi

Prezident gaz yetkazib berish loyihasi bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 10 yanvar kuni qurilish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va tabiiy gaz ta’minotiga oid loyihalar bilan tanishdi.

Taqdimotda tabiiy gaz yetkazib berish tizimida xususiy sheriklikni joriy etishga doir takliflar ko‘rib chiqildi.

Xabarga ko‘ra, bu tizimni modernizatsiya qilish juda dolzarb, chunki O‘zbekistondagi gaz quvurlarining yarmidan ko‘pi – 45 ming kilometri o‘ttiz yildan ortiq ishlatilmoqda. Oqibatda yo‘qotishlar miqdori 20 foizdan oshib ketyapti.

Xususan, bugungi kunda Jizzax shahar gaz ta’minoti tizimida 767 kilometr quvur, 6 ta gaz taqsimlash stansiyasi, 1 ming 600 dan ziyod gaz taqsimlash punkti bor. Ushbu tizimni xalqaro standartlar asosida va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilish orqali modernizatsiya qilish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan.

«Texnik ustuvor yechimlardan foydalanib amalga oshiriladigan loyiha doirasida eski gaz quvurlari olib tashlanib, 1 ming 500 kilometrdan ziyod yangi quvurlar tortilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, gaz taqsimlash stansiyalari soni 6 tadan 2 tagacha qisqartirilib, 3 bosqichli tizimdan 2 bosqichli tizimga o‘tiladi. Natijada hozirgi holatdagi 115 million kub metr yo‘qotishlar bartaraf etiladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezident bu loyihaning samaradorligiga alohida ahamiyat qaratib, uni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, bunday tizimni bir paytning o‘zida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida, keyinchalik boshqa hududlarda ham amalga oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu ishlar gaz taqsimlash va hisob-kitobni tartibga solib, uning xalqimizga barqaror va to‘la yetib borishiga xizmat qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring