Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident hokimlardan haftaning ikki kunini yoshlarga qaratishni talab qildi

Prezident hokimlardan haftaning ikki kunini yoshlarga qaratishni talab qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish bo‘yicha selektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Yig‘ilish davomida davlat rahbari viloyat va tuman hokimlariga qo‘ygan talabini ma’lum qildi.

Biz yoshlar bilan yangicha ishlash tizimini yaratishga qaror qilgan ekanmiz, uni ikkita muhim yo‘nalishda tashkil qilishimiz lozim.

Birinchisi – yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish orqali ularning bandligini ta’minlash bo‘lsa, ikkinchisi – yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishdir.

Tuman va sektor rahbarlari haftaning ikki kunini yoshlar muammolarini o‘rganishga qaratishi shart. Birinchi kun yoshlar bandligi, ikkinchi kunda esa bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha muammolarni hal qilish bilan shug‘ullanadi. Hokimning iqtisodiyot, investitsiya va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari yoshlar bandligi bilan shug‘ullanadi. Yoshlar kitob o‘qishi, teatrga tushishi va sport musobaqalarida ishtirok etishi lozim. Hech bir maktab, kollej va tadbirkorlarga tegishli o‘yingohlar bo‘sh qolmasligi lozim, — dedi Prezident.

Davlat rahbari selektor yig‘ilishi davomida ishsizlik masalasidan tashvishda ekanini bildirgan.

Hozirgi kunda 18-30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz yoki 844 ming nafarni tashkil etmoqda (bu umumiy ishsizlik darajasidan 1,5 baravarga ko‘p). Hisobga olinmagan ishsizlar soni esa bundan-da yuqori.

Bunday muammolarni tizimli hal etish maqsadida, Respublika ishchi guruhi joylarda o‘g‘il-qizlarimizning takliflarini «mahallabay» o‘rganmoqda.

Bugungi kunga qadar Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent viloyatlari va poytaxtimizda 50 mingga yaqin yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazildi.

Bildirilgan taklif va istaklar asosida, tuman va shaharlar kesimida «Yoshlar dasturlari» tasdiqlandi, — deya ta’kidlab o‘tdi Prezident.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring