Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident ipoteka krediti bozoriga oid farmonni imzoladi

Prezident ipoteka krediti bozoriga oid farmonni imzoladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida Prezident farmoni imzolandi. Farmon matni «O‘zA»da e’lon qilindi.

2016-2018-yillarda ipoteka krediti amaliyotining kengayishi 82 mingdan ortiq uy-joylarning foydalanishga topshirilishini ta’minladi, buning natijasida mamlakatimizning barcha hududlaridagi 400 mingga yaqin fuqarolar turar joy sharoitlarini yaxshilashga erishdi.

Qishloq joylarda arzon uy-joylar va shaharlarda ko‘p qavatli uylar, yosh oilalarga, harbiy xizmatchilarga, budjet tashkilotlari xodimlari va aholining boshqa toifalari uchun uy-joylar qurish bo‘yicha davlat maqsadli dasturlarini (keyingi o‘rinlarda – maqsadli dasturlar) izchil amalga oshirish davom etmoqda. Mazkur maqsadlar uchun respublikaning tijorat banklari tomonidan jami 10 trillion so‘mdan ortiq ipoteka kreditlari berildi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz uy-joy sektorini rivojlantirish zarurati ipoteka kreditlarini taqdim etish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining barcha qatlamlari uchun bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish yuzasidan qo‘shimcha choralar ko‘rishni talab etmoqda.

Aholining turmush darajasini izchil oshirish, ipoteka krediti mexanizmlaridan foydalanish amaliyotini yanada takomillashtirish va kengaytirish, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoati va qurilish industriyasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar va rag‘batlar yaratish maqsadida:

  • O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki (keyingi o‘rinlarda – OTB) bilan birgalikdaO‘zbekistonda ipoteka bozorini rivojlantirish dasturini 2019-2021-yillarda amalga oshirish konsepsiyasi ishlab chiqilganligi, uning doirasida bozor tamoyillari asosida uzoq muddatli barqaror ipoteka moliyalashtirish tizimini yaratish uchun OTB tomonidan 200 million AQSh dollari miqdoridagi qarz mablag‘lari ajratish nazarda tutilganligi ma’lum qilindi.

Shuningdek, farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan boshlang‘ich ustav kapitali miqdori 25 milliard so‘m bo‘lgan aksiyadorlik jamiyati shaklidagi Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasini (keyingi o‘rinlarda – Kompaniya) ta’sis etish; respublika tijorat banklari va boshqa yuridik shaxslarga ixtiyoriy ravishda Kompaniyaning ta’sischilari bo‘lish huquqini berish belgilandi.

Quyidagilar Kompaniyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

  • mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining (keyingi o‘rinlarda – XMI va XHMT) mablag‘larini jalb qilish va keyinchalik ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yo‘naltirish;
  • aholining arzon uy-joylarga o‘sib borayotgan ehtiyojini qanoatlantirish uchun bozor tamoyillari asosida tijorat banklariga moliyaviy resurslar taqdim etish;
  • shu jumladan, ipoteka qimmatli qog‘ozlarini chiqarish va ularni investorlar orasida joylashtirish;
  • ipoteka krediti tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish, ipoteka bozorini rivojlantirishning zamonaviy uslublari va vositalarini tatbiq etish, ipoteka krediti va ipoteka qimmatli qog‘ozlar bozorida xavflarni kamaytirish va likvidlikni oshirish;
  • ipoteka krediti va qayta moliyalashtirish sohasida, shu jumladan, xorijiy ekspert va mutaxassislarni jalb qilgan holda metodologik va normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqishda ishtirok etish.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi uch oy muddatda Kompaniya faoliyatini tashkil etishga texnik ko‘maklashish (grant) mablag‘larini ajratish masalasini OTB bilan ko‘rib chiqadi.

Kompaniya tomonidan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

a) Kompaniya aksiyadorlar mablag‘larini hamda XMI va XHMTning qarz mablag‘larini, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar chiqarish orqali mahalliy va xalqaro kapital bozorlaridagi uzoq muddatli resurs mablag‘larni jalb etadi;

b) Kompaniya jalb qilingan mablag‘larni Kompaniya tomonidan o‘rnatiladigan malakaviy talablarga mos keluvchi tijorat banklariga kredit resurslarini ajratish yo‘li bilan qayta moliyalashtiradi;

v) tijorat banklari Kompaniya tomonidan belgilangan shartlarda qarz oluvchilarga ipoteka kreditlarini taqdim etadi;

g) tijorat banklari ipoteka kreditlari, ipoteka shartnomalari bo‘yicha talab huquqlaridan yoki garov xatlari bo‘yicha huquqlardan Kompaniya foydasiga voz kechadi;

d) Kompaniya tijorat banklari bilan huquqlari avval Kompaniyaga o‘tkazib berilgan ipoteka kreditiga xizmat ko‘rsatish shartnomasini yoki garov xatlarini ishonchli boshqaruvga berish shartnomasini tuzadi;

ye) tijorat banklari qarz oluvchilar va ipoteka beruvchilar tomonidan kredit shartnomalari va ipoteka shartnomalarining Kompaniya foydasiga lozim darajada bajarilishini ta’minlaydi.

Kompaniya tomonidan ipotekani qayta moliyalashtirishning qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa shakllari ham tatbiq etilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish va tartibga solish sohasida vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring