Prezident Mirziyoyev Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenni tabrikladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenni ushbu lavozimga qayta saylangani munosabati bilan tabrikladi va eng ezgu tilaklarini bildirdi.
Davlat rahbari o‘z maktubida so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan keng qamrovli munosabatlarini sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarishda, mamlakatimizdagi ortga qaytmas tus olgan demokratik va iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda Yevrokomissiya Prezidentining ulkan shaxsiy hissasi borligini alohida ta’kidladi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan hamkorlik barcha ustuvor yo‘nalishlarda yanada yuksak bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirildi.
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda mutlaqo yangi sahifa ochadigan Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitimni tez orada imzolash tarafdori ekani qayd etildi.
«Yaqin kelajakda Samarqand shahrida birinchi «Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi» sammiti o‘tkazilishi mintaqaviy aloqalarimizni manfaatli loyihalar va dasturlar bilan boyitish yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘lishiga aminman», - deyiladi Prezident maktubida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter