Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident qarori imzolandi. Elektron hukumat tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Prezident qarori imzolandi. Elektron hukumat tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida iqtisodiy-ijtimoiy hayotning barcha sohalariga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish eng ustuvor vazifa sifatida belgilanib, 2020-yil «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb e’lon qilingan edi.

Boshlangan ishlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat sohalarida yagona vakolatli organ etib belgilanib, Vazirlik qoshida «Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi» hamda «Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi» tashkil qilinmoqda.

2020-2022 yillarda elektron hukumat, telekommunikatsiyalar va dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini yanada rivojlantirish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida hamda qishloq va suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha jami 268 ta loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Jumladan:

  • iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida jami 87 ta loyiha, shu jumladan Elektr energiyasi va tabiiy gaz hisobini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish, Yirik aeroportlarda yo‘lovchilarni ro‘yhatga olish tizimini takomillashtirish, Bank tizimida jismoniy shaxslarni masofadan turib identifikatsiya qilish mexanizmini joriy qilish;
  • elektron hukumatni yanada rivojlantirish bo‘yicha jami 104 ta loyiha, shu jumladan, «Pensiya tayinlash jarayonini boshqarish» axborot tizimi, «Yer minerallari va tog‘ jinslari» milliy elektron bazasi, «Raqamli qishloq xo‘jaligi» axborot tizimi, «Majburiy tibbiy sug‘urta» axborot tizimini joriy qilish;
  • telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha jami 35 ta loyiha, shu jumladan 800 ming port o‘rnatish orqali keng polosali tarmog‘ni rivojlantirish, mobil aloqa tarmoqlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun 1 468 ta baza stansiyalarini ishga tushirish, uzunligi 12 ming km bo‘lgan optik-tolali aloqa liniyalarini qurish;
  • Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha jami 18 ta chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilanmoqda, shu jumladan texnopark rezidentlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini kengaytirish, raqamli ta’lim markazlarini hududlarda keng tashkil etish, texnopark rezidentlarini jalb qilish orqali iqtisodiyot tarmoqlarida axborot texnologiyalarini joriy etish;
  • qishloq va suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha jami 24 ta loyiha, shu jumladan, «Raqamli qishloq xo‘jaligi» axborot tizimini joriy etish, qishloq xo‘jaligi hayvonlari hisobini elektron yuritish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish bo‘yicha elektron maydonchalar joriy etish, suv sarfi hisobini yuritish tizimilarini joriy etish.

Mahaliy dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarni ko‘paytirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat idoralariga qiymati 1 mlrd. so‘mgacha bo‘lgan dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish loyihalar doirasida shartnomalarni «IT-Park» rezidentlari o‘rtasida tanlov asosida imzolash huquqi berilmoqda.

2020-yilning 1-avgustiga qadar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan pochta aloqasi ob’yektlari tarmog‘i orqali yo‘llanadigan xat-xabarlarini, xabarnomalarini, chaqiruv qog‘ozlarini va boshqa yuridik hujjatlarni jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazib berish va yetkazilganligini tasdiqlash, ma’lumotlarni saqlash va hisobga olishning yagona milliy tizimi joriy etiladi.

Alohida ta’kidlab o‘tish joizki, koronavirus infeksiyasini tarqalishiga qarshi kurashish va aholiga o‘z-o‘zini izolyasiya qilish davrida qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida 35 tadan ortiq tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Hususan, Elektron sog‘liqni-saqlash yo‘nalishi bo‘yicha 10 ta, Elektron ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 6 ta, Bank xizmatlari yo‘nalishi bo‘yicha 12 ta, Elektron davlat xizmatlarida yo‘nalishi bo‘yicha 8 ta loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shunigdek, 2020-yil davomida barcha tibbiyot muassasalari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda 70 foiz maktablar keng polosali aloqa tarmoqlariga ulanadi.

Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida 2022-yilda elektron davlat xizmatlari ulushini 60% ga yetkazish hamda barcha hududlarda raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini ochish, 2023-yilda esa raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2 baravarga ko‘paytirish hamda «raqamli» tadbirkorlik xizmatlar hajmini 3 baravar oshirish va ularning eksportini 100 million dollarga yetkazishga erishiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring