Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident raqamlashtirish bo‘yicha yangi qarorni imzoladi

Prezident raqamlashtirish bo‘yicha yangi qarorni imzoladi

«Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–286-son, 16.09.2025) qabul qilindi.

Bu hujjat “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida qabul qilingan bo‘lib, davlat xizmatlarini yanada qulay, shaffof va tezkor qilishga qaratilgan.

Qarorga ko‘ra:

41 ta ustuvor loyiha ishga tushiriladi. Davlat xizmatlarining 70% elektron tarzda ko‘rsatiladi. Eng quvonarlisi, mahallalarning o‘zida 30 dan ortiq xizmat joyida taqdim etiladi.

Internet tezligi va qamrovi sezilarli oshadi. Buning uchun 66 ming km optik tolali aloqa tortilib, 2 284 ta yangi tayanch stansiya ishga tushadi.

100 dan ortiq yangi elektron xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, 10 ta xizmat proaktiv shaklga o‘tadi, ya’ni fuqaro alohida ariza bermasdan turib ham ma’lum xabar va yordamni avtomatik tarzda oladi.

2025 yil 1 noyabrdan mobil operatorlar, banklar va to‘lov tashkilotlari o‘z ilovalari orqali davlat xizmatlarini taqdim eta oladi.

“Raqamli mahalla” platformasi orqali oilalar va aholi ma’lumotlari yuritiladi. Mahallalar yagona kadastr raqami asosida markazlashgan reyestrga kiritiladi.

Sog‘liqni saqlash tizimida “Shifokorning raqamli yordamchisi” joriy etiladi. U sun’iy intellekt yordamida tashxis qo‘yish va shifokor nutqini avtomatik yozish imkoniyatini beradi.

Talabalar Yagona portal orqali ijara to‘lovining bir qismini qaytarib olish imkoniga ega bo‘ladi.

Fermerlar va tadbirkorlar uchun suv resurslari taqsimoti elektron shaklda amalga oshiriladi.

Avtomobillar uchun esa gaz baloniga oid ma’lumotlar elektron tarzda yuritilib, qog‘ozbozlikka chek qo‘yiladi.

Chet el fuqarolari Yagona portal orqali vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish imkoniga ega bo‘ladi.

Yana bir muhim yangilik – “OASIS” yagona raqamli platformasi ishlab chiqiladi. Bu orqali barcha davlat tizimlari yagona standartga asoslanadi, xavfsiz va samarali ishlaydi.

Ushbu qaror ijrosi orqali davlat xizmatlari odamlarga yaqinlashadi, ortiqcha ovoragarchilik yo‘qoladi, texnologiyalar esa kundalik hayotimizga yanada chuqurroq kirib boradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring