Prezident Shayxontohurdagi ijtimoiy markazda bo‘ldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida bo‘ldi.
Mamlakatimizda ijtimoiy davlat, ijtimoiy adolat tamoyillari ustuvor. Ushbu qadriyatlar asosida barcha hududlarda “Inson” markazlari ochilib, mehr va ko‘mak tizimi aholiga yaqinlashtirilmoqda.
Markazda 12 toifadagi muhtoj insonlarga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Buning uchun muassasada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Murojaatlarni qabul qilish, ehtiyojni baholash, xizmatni belgilash va xizmat ko‘rsatish jarayonlari insonlarga qulay tarzda yo‘lga qo‘yilgan.
Eng muhimi, endilikda vazifa bir marta yordam bilan tugamaydi. Ijtimoiy xizmatdan foydalanuvchining keyingi holati, o‘zini o‘nglashi ham monitoring qilib boriladi. Mazkur barcha jarayonlar raqamlashtirilgan va daxldor tashkilotlar bilan bog‘langan.
Shayxontohurdagi markazda 25 nafar mutaxassis hamda mahallalarda 51 nafar ijtimoiy xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Nogironligi bo‘lgan bolalar va shaxslar, yolg‘iz keksalar bilan manzilli tarzda ish yuritilmoqda.
- Bu yer har bir insonning dardi bilan yashaydigan, ularni rozi qiladigan dargoh. Bu tizim orqali jamiyatimizda ijtimoiy adolat, inson qadri qaror topadi, - dedi Prezidentimiz.
Shu yerda davlat-xususiy sheriklik asosida “Imkoniyatlar olami” muassasasi tashkil etilgan. Davlatimiz rahbari undagi sharoitlarni ham ko‘zdan kechirdi.
Muassasada 3 yoshgacha go‘daklar uchun erta aralashuv, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya, shuningdek, kunduzgi parvarish va qarab turish xizmatlari tashkil etilgan. Hozirda bu 80 ga yaqin insonning og‘irini yengil qilmoqda. Ularga 12 nafar malakali xodim mehr-e’tibor ko‘rsatmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter