Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident xom mevani eksportga chiqarayotgan «chaqqon» savdogarlarni tanqid qildi

Prezident xom mevani eksportga chiqarayotgan «chaqqon» savdogarlarni tanqid qildi

Davlat rahbari xalqaro vaziyat kun sayin o‘zgarib borayotgani, yildan-yilga takrorlanayotgan ob-havo injiqliklari, «anomal issiq» va «anomal sovuq» degan tushunchalar odatiy holga aylanib ulgurganiga e’tibor qaratdi.

Bunday qaltis sharoitda har bir eksport bozori mamlakat uchun o‘ta muhimligi, kerak bo‘lsa, bu – iqtisodiy xavfsizlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois soha mas’ullari va hokimlar ob-havoni bahona qilavermasdan, sharoitga moslashib, issiq va sovuqqa, suvsizlikka chidamli mahsulotlar yetishtirishga o‘tishi zarurligi qayd etildi.

O‘tgan 6 oyda oziq-ovqat eksporti 44 foiz o‘sib, 1 milliard 326 million dollar bo‘ldi. Eksport geografiyasi 16 ta davlatga ko‘paydi.

Shu bilan birga, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari, Qoraqalpog‘iston meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportining sur’ati bo‘yicha qolgan hududlardan ortda qolayapti. Navoiy viloyati esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlariga ham chiqa olmadi.

Ushbu hududlar va ularga Hukumatdan biriktirilgan vakillar bu boradagi ishlarini faollashtirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Eksport 21 ta tumanda o‘tgan yilga nisbatan 70 foizga ham yetmagani ko‘rsatib o‘tildi. Vaholanki, bu tumanlarda 80 ming gektar paxta va g‘alla ekilmaydigan maydon, yana 55 ming gektar tomorqa yeri bor.

Ushbu 21 ta tuman hokimiga viloyat hokimlari bilan birgalikda bu borada o‘zgarish qilish bo‘yicha aniq rejalarni tuzish topshirildi.

«Mahsulotlarimiz sifatli va shirin bo‘lgani uchun tashqi bozorlarda «O‘zbekistonda yetishtirilgan» brendi shakllangan», - dedi davlat rahbari.

Lekin, ayrim «chaqqon» savdogarlar hammadan oldin qimmatroq sotishni ko‘zlab, xom mevani eksportga chiqarayotgani tanqid qilindi. Oqibatda xorijdagi savdo tarmoqlari minglab tonna O‘zbekiston mahsulotini xom holatda yetkazib berilgani uchun qabul qilmagan.

Natijada O‘zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlar tashqi bozorda o‘z o‘rnini yo‘qotishi mumkinligi qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring