Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident yangi qarorni imzoladi: budjet xarajatlari qisqartiriladi

Prezident yangi qarorni imzoladi: budjet xarajatlari qisqartiriladi

Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti barqarorligini ta’minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, koronavirus infeksiyasining qisqa muddat ichida global miqyosda tarqalishi deyarli barcha mamlakatlardagi ijtimoiy-iqtisodiy holatning yomonlashuviga olib kelmoqda.

Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi va boshqa xalqaro institutlar 2020-yilda jahon iqtisodiyotining pasayishini prognoz qilmoqda, karantin muddatlarining cho‘zilishi tufayli ushbu prognozlar global ishlab chiqarish hajmlarining yanada pasayishi tarafiga o‘zgarmoqda.

Karantin davri O‘zbekistonda asosan joriy yilning II choragiga to‘g‘ri kelishi va shu davrda iqtisodiy faollikning sezilarli pasayishi Davlat budjeti barqarorligiga xavf tug‘dirmoqda. Shuning uchun kasallik tarqalishini maksimal darajada lokalizatsiya qilish va karantin muddatlari cho‘zilib ketishining imkon qadar oldini olish muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga egadir.

Qaror bilan koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining barqarorligini ta’minlash va budjet xarajatlarini maqbullashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi:

  • koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni amalga oshirish;
  • muhim ijtimoiy xarajatlarning to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash;
  • jahondagi va respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy faollik ahvoli tahlili va muhimlik darajasidan kelib chiqqan holda dolzarb hisoblanmagan loyiha va xarajatlarni keyingi davrlarga ko‘chirish;
  • davlat dasturlarini bajarishga yo‘naltiriladigan budjet mablag‘larini qisqartirishda loyihalarning ustuvorligi va ijtimoiy yo‘naltirilganligini inobatga olish;
  • davlat ichki va tashqi majburiyatlarining, shu jumladan, fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha majburiyatlarning to‘liq bajarilishini ta’minlash;
  • budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning xarajatlarni mustaqil kamaytirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli darajadagi budjet tushumlarini, shuningdek, respublika budjetidan ajratilayotgan transfertlarni, aksiz solig‘i bo‘yicha o‘tkazmalarni, budjet ssudalarini hamda boshqa mablag‘larni birinchi navbatda quyidagilarni moliyalashtirishga yo‘naltiradi:

  • koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarga, jumladan, dori vositalari va tibbiyot buyumlari sotib olish, tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va ularni jihozlashga;
  • ish haqi, pensiyalar, stipendiya va nafaqalarni o‘z vaqtida to‘lashga;
  • oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish, kommunal to‘lovlar va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan xarajatlarni qoplashga;
  • Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining qaroriga asosan boshqa tadbirlar va xarajatlarga.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi kechiktirib bo‘lmaydigan xarajatlarni o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga budjet ssudalarini muntazam ravishda ajratib borish topshirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring