Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident yangi tashabbuslarni ilgari surdi

Prezident yangi tashabbuslarni ilgari surdi

Foto: Xabar.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev pedagoglarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi:

- yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi;

- kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma beriladi;

- o‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi;

- kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi;

- fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanadi;

- bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi;

- dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi;

- reytingda 100 talikka kirgan maktab va bog‘cha, 20 talikdagi texnikum, TOP-10 ta oliygoh pedagoglariga yiliga bir marta O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga 15-20 foiz chegirma beriladi.

«Ikki Renessans davomida bashariyatga muallimlik qilgan xalqimiz orasida ustozlarni e’zozlash va ularga ehtirom ko‘rsatish eng go‘zal va qadimiy an’analarimizdan biriga aylangan.

Bugun Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini qurish degan bag‘oyat ulug‘ va sharafli ishni boshlagan ekanmiz, eng avvalo, siz — aziz ustozlar hamda iste’dodli shogirdlaringizga tayanamiz.

Ishonchim komil, sizlar bilan birga chin dildan harakat qilsak, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot mo‘’jizasini albatta yarata olamiz. Oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birga albatta yetamiz!», — dedi davlatimiz rahbari.

Prezident so‘zining yakunida o‘qituvchi va murabbiylarga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, g‘oyat mas’uliyatli va sharafli faoliyatlarida ulkan yutuqlar, oilaviy baxt-saodat tiladi.

Tadbir davomida o‘qituvchi va talabalar, ta’lim tashkilotlarining rahbarlari bilan muloqot qilinib, ularning taklif va fikr-mulohazalari tinglandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring