Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentga yuksak mukofot topshirildi (foto)

Prezidentga yuksak mukofot topshirildi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Turkiy davlatlar tashkiloti Davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlashga, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun yuksak mukofot – «Turkiy dunyoning oliy ordeni»ni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘on, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi.

Tashkilot davlatlari rahbarlari nomidan mukofotni Qozog‘iston Prezidenti topshirdi.

– Bu mukofotni men birinchi navbatda chinakam birodarlik rishtalari asosida yangidan yuksalayotgan yaqin do‘stligimiz va hamkorligimiz ramzi, deb bilaman, - dedi marosimda davlatimiz rahbari, hamkasblarga minnatdorlik bildirib.

Oxirgi davrda Turkiy dunyoning nufuzi va salohiyati har qachongidan ham ko‘proq yuksalayotgani alohida qayd etildi. O‘zbekiston 2019 yilda TDTga a’zo bo‘lib kirganidan buyon mamlakatimiz tomonidan turkiy mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan 50 dan ortiq taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

Mamlakatimizning tashkilotga raisligi davrda 100 dan ziyod turli tadbirlar o‘tkazildi, amaliy hamkorlikning yangi samarali mexanizmlari yaratildi, nufuzli global va mintaqaviy tuzilmalar bilan yaqin sheriklik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

Tashkilotga a’zo barcha davlatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalar izchil kengaymoqda, strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi, savdo hajmlari ortmoqda, kooperatsiya kuchaymoqda.

– Barchamizning orzu va maqsadlarimiz, intilish va harakatlarimiz uyg‘un va hamohangdir. Azaldan do‘st va qardosh bo‘lgan turkiy xalqlarimiz bundan keyin ham ahil va hamjihat bo‘lib, yorug‘ kelajakni birgalikda bunyod etadilar, - dedi davlatimiz rahbari.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring