Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentning bir soati. Mirziyoyev kecha nimalarni ko‘rdi?

Prezidentning bir soati. Mirziyoyev kecha nimalarni ko‘rdi?

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha Buxoroga tashrif buyurdi va Olot tumanida kuchli shamol keltirgan talofatni bartaraf etish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

2020 yil 27 aprel kuni Buxoro viloyatiga janubdan kuchli shamol kirib kelgan va uy-joylar, infratuzilma hamda ekinga katta zarar yetkazgandi. Davlat rahbari mana shu keltirilgan zararni bartaraf etish ishlariga e’tibor qaratdi.

Shundan so‘ng davlat rahbari viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar bilan tanishuvni davom ettirdi. Xabar.uz muxbiri ushbu tashrifni yoritishda ishtirok etmoqda.

***

Buxorodan chiqib, Romitan sari yurarkansiz, yo‘lning o‘ng yuzidagi issiqxonalar majmuasiga ko‘zingiz tushadi. Bir vaqtlar, unga ham ko‘p vaqt bo‘lmadi, ikki-uch yil oldin bu joy qamish bosib yetgan sho‘rxok yer edi. Endi esa butun O‘zbekistonga o‘rnak bo‘lishga arzigulik issiqxona ishlab turibdi.

Nimasi bilan o‘rnak bo‘ladi? Bu qanaqa issiqxona o‘zi? Prezidentga shu masalada axborot berildi.

***

«Varnet» kompaniyasi O‘zbekistonga kirib kelganiga ikki yildan oshdi. Turkiyalik investorlar foydalanilmayotgan yerlarda issiqxonalar tashkil etish bilan shug‘ullanmoqda. Shavkat Mirziyoyevni «Varnet» rahbari Ilyos Xurshid kutib oldi va issiqxona ish tizimi bilan tanishtirdi.

— Bizning kompaniyamiz u qadar katta emas, ammo O‘zbekistondagi istiqbolga ishongan holda 20 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritdik. Issiqxona ishga tushgan, pomidor yetishtirib, Rossiyaga eksport qilmoqdamiz. Pomidorning mana bu naviga qiziqish juda katta, ichi qip-qizil, juda mazali, — deydi turkiyalik investor ko‘rgazmada turgan pomidorlardan birini ko‘rsatib.

— Hidi ham juda yaxshi, — ma’qulladi prezident pomidorni qo‘liga olib ko‘rarkan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

— Ha, hidi ham juda yaxshi. To‘g‘risini aytsam, janob prezident, xorijlik hamkorlarimiz mana shu pomidorni O‘zbekistonda yetishtirayotganimizga ishona olmayapti. Men ularga telegram orqali suratini yuboryapman, ammo xaridorlar xayron qolib, issiqxona joyini so‘rashgani-so‘rashgan. Ya’ni, aytmoqchimanki, O‘zbekistondagi istiqbol juda katta. Biz bu biznesni kengaytirib, mahalliy hamkorlarni o‘qitmoqchimiz. Buning uchun maxsus o‘quv-kurslari ochamiz. Joy ham tayyor, o‘qitadigan mutaxassislar ham yetarli. Xorijdagi olimlar internet orqali xodimlarimizni onlayn o‘qitishadi. Boshqalardan ajralib turadigan jihatimiz ham shunda bo‘ladi — biz issiqxona biznesini ilm asosiga qurmoqchimiz...

— Aynan shu narsa hozir bizga yetishmayapti, — Shavkat Mirziyoyev investorning tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. — Oxirgi yillarda juda ko‘p ishlarni amalga oshirdik, ammo rostini aytish kerak, bilim yetishmayapti. Sharoit bor, xohish bor, biroq bilim yetarli emas. Shuning uchun ham boshlagan ishingiz menga yoqdi, bu tajribani ommalashtirish kerak.

Ilyos Xurshid taqdimotni davom ettirarkan, o‘quv markazi haqida batafsil ma’lumot berdi. Bu yerda shuningdek yana laboratoriya va issiqxonalar uchun konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxona ham quriladi. Ya’ni, mahalliy mutaxassislar shu yerning o‘zida ta’lim oladi va uni amaliyotga joriy etish bilan shug‘ullanadi.

— Bizning asosiy maqsadimiz — bozorni kengaytirish. Hozir asosiy eksport faqat Rossiyaga yo‘naltirilmoqda. Ammo bu tomonda boshqa yo‘nalishlar ham bor, masalan, arab mamlakatlari bozori. Yaqin kelajakda ish ko‘lamini bir necha barobar oshirib, yangi bozorlarga kirishni rejalashtirganmiz. Janob prezident, ishoning, buning uchun imkoniyatlar yetarli, — dedi turkiyalik investor.

Prezident turkiyalik investorning gaplarini diqqat bilan eshitdi va «Varnet» faoliyatini ommalashtirishga chaqirdi.

— Ikki yil oldin bu yerlar qup-quruq joy edi, endi bo‘lsa katta loyiha ish boshladi. Bilasizmi buning yutug‘i nimada? Birinchidan, issiqxona qurilish materiallari yuz foiz o‘zimizda, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlanadi. Ikkinchidan esa, o‘quv-markazi odamlarning ishga bo‘lgan munosabatini o‘zgartiradi. Ya’ni, biz bozor talabiga ko‘ra ishlashni o‘rganamiz. Yana bir yutuqli tomoni — investor issiqxona qurib berishdan tortib, odamlarimizni o‘qitish va tayyor mahsulotni sotib berishni ham zimmasiga olgan.

Foto: Xabar.uz

PS: Issiqxona faoliyati bilan tanisharkanmiz, e’tiborimizni tortgan yana bir narsa — mana shu asalari qutisi bo‘ldi. Bunday qutilar har joyga qo‘yib tashlangan. Xorijdan maxsus keltirilgan arilarning vazifasi esa, asal berish emas, yo‘q, shunchaki, pomidor gulini changlatish xolos. Yiqqan asalining huzurini o‘zlari ko‘rishadi.

Shunaqasini boshqa joyda ham ko‘rganmisiz? Oddiy issiqxonaga shuncha ilm kerakliginichi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring