Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentning imloviy xatosi

Prezidentning imloviy xatosi

Bir holat bor-da... O‘zim bir necha marta boshimdan o‘tkazganim, boshqalarda ham ro‘y berganiga guvoh bo‘lganim uchun ushbu satrlarni yozmoqdaman. Toki odamlar asl holatni bilsin.

Bu qanday holat?

Biz ko‘pincha rahbarlarga, xususan, yuqori darajadagi rahbarlarga o‘z fikrimizni yoki taklifimizni aytmaymiz, aytolmaymiz. Nima uchun? Go‘yoki, aytgan fikrimiz, taklifimiz rahbarga ma’qul kelmasa oqibati yaxshi bo‘lmaydi, deb o‘ylaymiz. Aslida unday emas (shunaqa holatlar borligini ham inkor etmaymiz, albatta). Aksariyat hollarda rahbar taklifni ham, fikrni ham eshitadi, ma’qul bo‘lsa rahmat deydi, yoqmasa buni o‘ylab ko‘rish kerak, deydi. Lekin fikr yoki taklif aytgan odamni urmaydi, so‘kmaydi, ishdan ham bo‘shatmaydi.

Gapim quruq bo‘lmasligi uchun bir misol keltiraman.

Mustaqilligimiz e’lon qilinganidan keyin mamlakatimizda kompartiya faoliyati tugatildi, o‘rniga Xalq demokratik partiyasi tuzildi. Yangi partiyaning ta’sis qurultoyi o‘tkaziladigan bo‘ldi. Anjuman o‘tadigan zalga yangicha shior yozilishi kerak edi. Uni  Prezident Islom Karimov kichkina bir qog‘ozga o‘z qo‘li bilan yozib bergan.

Men Markazkomning mafkura bo‘limida ishlar edim. Bo‘lim mudirimiz chaqirib, o‘sha qog‘ozni berdi. «Shuni mashinkada ko‘chirib, qurultoy tashkilotchilariga bering. Zalga shior qilib yozsin. Keyin bu shior hamma joyga tarqatiladi, ya’ni, binolar peshtoqiga, ko‘cha bo‘ylariga, xullas, ko‘zga ko‘rinarli joylarga yozib qo‘yiladi. Tushunarlimi?..» «Ha, albatta, tushunarli... Lekin... buning imloviy xatosi bor», dedim men. Bo‘lim mudirimizning ko‘zlari o‘ynab ketdi: «Pocherkni tanimadingizmi? Kim yozganini bilmadingizmi?» dedi. «Tanidim pocherkni, kim yozganini ham bildim... Shior sifatida hamma joyga tarqatilsa to‘g‘rilab yozaylik», dedim. Mudirning yuzlari qizarib ketdi (rahmatli juda ko‘ngli ochiq, beg‘ubor inson, biroq ozgina harfxo‘rligi bor edi). «Siz qanaqa odamsiz, prezident o‘z qo‘li bilan yozib bergan narsani tuzataman, deysiz...» «Kechirasizu prezident bunaqa mayda-chuydalarga qarab o‘tirmaydi. Bular bizning ishimiz-ku». «Yo‘q! – dedi keskin. – Qanday bo‘lsa, shunday ko‘chiring. Mashinka qilinganini menga ko‘rsating», dedi. «Xo‘p», dedimu chiqib ketdim.

Xonamga borib uzoq o‘yladim. «Ko‘ra-bila turib xato narsani prezident nomidan beramizmi? Bordiyu prezident, senlar nima qilib o‘tiribsanlar bu yerda o‘zi, oddiy imloni ham to‘g‘rilamasalaring, desa, nima degan odam bo‘lamiz?!»

Shu mulohazalar bilan mashinka byurosiga (u paytda kompyuter qayoqda deysiz) borib, to‘g‘rilangan variantda ko‘chirtirdim. Prezident yozgan qog‘ozga qo‘l urmadim. So‘ngra tavakkal dedim-da, prezident yordamchisiga ikkalasini berdim, fikrimni aytdim. «Ko‘rsating, qaysi birini ma’qullasalar, shuni beramiz», dedim. «Yaxshi, – dedi yordamchi, – sen boraver xonangga. O‘zim qo‘ng‘iroq qilaman».

Oradan yarim soatmi-bir soatmi vaqt o‘tib, yordamchi qo‘ng‘iroq qildi: «Chiq bu yoqqa».

Uchinchi qavatdan oltinchi qavatga chiqqanimcha ming bir fikr o‘tdi xayolimdan. Yuragim gup-gup uradi.

Yordamchi ikkala qog‘ozni berdi. Qo‘lyozma yarmigacha yirtilgan edi. «Buni o‘zlari yirtdi. Mana buni ma’qulladi, – deb mashinkalangan qog‘ozni ko‘rsatdi. Shuni katta qilib yozib qo‘ysin zalga, dedi, – mug‘ombirona kuldi. – Senga rahmat aytdi. – Hoynahoy buni o‘zidan qo‘shdiyov.

«Rahmat», dedimu qushday uchib uchinchi qavatga tushdim. Hovliqib mudirimizning oldiga kirdim. Hansirab bor gapni aytdim. Mudir ikki yuzi qizarib, ko‘zlari ola-kula bo‘lib o‘rnidan turib ketdi. «Kim ruxsat berdi sizga prezident yozgan narsani tuzatishga? Nega menga aytmay u yoqqa chiqasiz? Qanaqa o‘zboshimcha odamsiz?! Bu ishingiz uchun sizga partiyaviy vigovor berish kerak», dedi. «Qizishmang, sizga rahmat aytibdilar. Ishonmasangiz yordamchidan so‘rang... Undan keyin partiyaviy jazo berolmaysiz. Chunki kompartiya yo‘q endi», dedim men. Mudir battar tutaqib ketdi. Uning ahvolini ko‘rib qo‘rqib ketdim: bir balo bo‘lib qolmasaydi...

Shior qurultoy zaliga osildi.

Keyin butun mamlakat bo‘ylab tarqatildi. Qachon, qayerda shu shiorni ko‘rsam, o‘sha voqea esimga tushadi.

P.S. Afsuski, ko‘pgina joylarda baribir xato yozildi.

Mamatqul Hazratqulov.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring