Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Propiskaga oid petitsiyani e’lon qilish rad etildi

Propiskaga oid petitsiyani e’lon qilish rad etildi

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portali Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska rejimini bekor qilish to‘g‘risidagi petitsiyani joylagani va ushbu murojaat rad etilganidan so‘ng o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Ko‘pchilik murojaatning natijasi haqida so‘rayotgani uchun, ma’lumot berib o‘tmoqchiman.

O‘sha petitsiyaga moderator tomonidan rad javobi berilgan.

Ya’ni petitsiya ovozga ham qo‘yilmadi. Boshqacha aytganda mening fikrim «tug‘ilmayoq bo‘g‘ildi».

Rad qilishning asosi sifatida balandparvoz gaplar yozilgan. Aytishlaricha, doimiy propiskani soddalashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinayotgan emish, shu sababli mening petitsiyamni e’lon qilish rad etilganmish.

Vaholanki, men propiskani soddalashtirishni emas, bu tizimni butunlay bekor qilishni so‘raganman. Bu ikkalasi mazmunan boshqa-boshqa narsalar ekanligini tushunish qiyin emas.

Moderator javobining so‘nggida quyidagicha deyiladi:

«Yuqoridagilardan kelib chiqib, mamlakatimizda ushbu sohada islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganligini hisobga olgan holda, 2019-yil 2-fevraldagi «Mening fikrim» veb-portali orqali elektron jamoaviy murojaat qilish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga muvofiq, «Mening fikrim» veb-portaliga elektron jamoaviy murojaatni joylashtirish yoki joylashtirishni rad etish haqidagi masalani ko‘rib chiqish uchun vakolatli davlat organlari va moderator vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan Ishchi komissiya tomonidan murojaatingiz «Mening fikrim» veb-portaliga joylashtirilishi maqsadga muvofiq emas, deb topildi».

Lekin xulosada Nizomning aynan qaysi bandi bo‘yicha rad qilinganligi aytilmagan. Bunga hayron qolmasa ham bo‘ladi, chunki Nizomda rad qilish asoslari aniq sanalgan bo‘lib, mening petitsiyam ularning birortasiga tushmaydi. Qanday asos bilan rad qilayotganini o‘zlari ham bilishmaydi.

Avvalroq «Mening fikrim» portalida Nizomdagi muddatlarga rioya qilmaslik holati muntazam uchrab turgani haqida ham ma’lumot bergandim.

Xullas, bu portaldan ko‘nglim qoldi. Faqat rahbarlarga yoqadigan petitsiyalarni o‘tkazib, sal yoqmaydigani chiqib qolsa, asossiz rad qiladigan bo‘lishsa, bunaqa portaldan kimga nima foyda?

Yodingizda bo‘lsa, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 22-dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, Internet tarmog‘ida maxsus «maydon»lar yaratish zarurligini ta’kidlab o‘tgan edilar.

«Mening fikrim» portali ham shu tashabbus ortidan ochilgandi. Davlatimiz rahbarining ushbu maqsadi «xalq - qonunlarning asosiy ijodkori bo‘lsin» degan prinsip ustiga qurilgandi.

Ammo propiska haqidagi petitsiyaning assosiz rad qilinganini ko‘rib, aytish mumkinki, portalni yuritayotganlar, nazorat qilayotganlar o‘zlarining asossiz senzuralari orqali xalqning fikrini bo‘g‘ishmoqda, faqat o‘zlariga yoqadigan jamoaviy murojaatlarni o‘tkazib, sal yoqmaydiganlari chiqib qolsa, rad etishib, ko‘zbo‘yamachilik bilan shug‘ullanishmoqda. Prezidentning ishonchi hayf Sizlarga!» deya fikrini yakunlagan huquqshunos. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring