Pul dardida ruhiy himoyasiz insonlarni tomoshaga aylantirmang
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ruhiy holati og‘ir, psixologik himoyasiz yoki intellektual jihatdan zaif insonlar ishtirokida kontent tayyorlash xavotirli darajada kuchaymoqda. Bu holatga shunchaki oddiy blogerlik yoki “xayp” deb qaramaslik kerak. Bunday kontentlar jamiyatning axloqiy va huquqiy chegaralari yemirilayotganining belgisi. Eng og‘ir jihati shundaki, insonning og‘rig‘i auditoriyaga aylantirilmoqda. Ruhiy iztirob ko‘ngilochar mahsulot sifatida iste’mol qilinmoqda.
Bugun ayrim kontent mualliflari ruhiy nosog‘lom insonlarni kamera orqali provokatsiya qilmoqda, ularning holatini masxara obyektiga aylantirmoqda, emotsional beqarorligidan monetizatsiya vositasi sifatida foydalanmoqda, ijtimoiy tarmoq algoritmlari uchun “tomosha” ishlab chiqarmoqda.
Bu esa jamiyat ongida xavfli normani shakllantirmoqda. Ya’ni inson qadri emas, ko‘rishlar soni muhim. Xayp uchun bir insonning huquqi poymol bo‘lmoqda, dardi masxara qilinmoqda. Bu masalaga faqat axloqiy emas, huquqiy va siyosiy nuqtai nazardan ham qarash vaqti keldi. Chunki Konstitutsiyamizda ham inson qadri oliy qadriyat sifatida belgilangan. Inson sha’ni, qadr-qimmati va shaxsiy hayoti daxlsizligi davlat himoyasidadir. Shunday ekan o‘z harakatlarini to‘liq anglay olmaydigan, psixologik jihatdan himoyasiz, ruhiy kasallik belgilari mavjud insonlarning videolarini tarqatish va monetizatsiya qilish jiddiy huquqiy bahoni talab qiladi. Ayniqsa roziliksiz tasvirga olish, ommaviy masxara qilish, shaxsni qadrsizlantiruvchi material tarqatish, kiberbulling elementlari qonunchilik nuqtai nazaridan tahlil qilinishi shart. Bu axborot xavfsizligi masalasidir.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ruhiy himoyasiz insonlardan kontent jamiyatning emotsional muhitini buzadi. Auditoriya bora-bora rahmsizlikka, mazaxni tabiiy qabul qilishga, inson dardini tomosha sifatida ko‘rishga o‘rganib qoladi. Bu esa ijtimoiy ongning degradatsiyasiga olib keladi. Davlat axborot siyosati nuqtai nazaridan ham bu xavfli tendensiya. Chunki jamiyatda agressiya, ommaviy mazax madaniyati, psixologik zo‘ravonlik oddiy holga aylansa ijtimoiy ishonch va fuqarolik muhitiga ta’sir qiladi. Huquqiy davlatning asosiy belgilaridan biri himoyasiz qatlamni himoya qilish qobiliyatidir. Agar jamiyat ruhiy nosog‘lom insonni “kontent” sifatida iste’mol qila boshlasa, davlat institutlari bu holatga munosabat bildirmasa, platformalar monetizatsiyani cheklamasa, bu huquqiy davlat prinsiplariga ham, insonparvarlik tamoyillariga ham zid holatga aylanadi. Shu nuqtai nazardan, Bolalar ombudsmani, Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, Kiberxavfsizlik markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi mutasaddi organlar mazkur holat yuzasidan aniq huquqiy mexanizmlar ishlab chiqishi kerak.
Qonunchilikda ruhiy himoyasiz insonlarning tasviridan foydalanish, ularni ommaviy mazax obyektiga aylantirish, blogerlik orqali psixologik ekspluatatsiya qilish, monetizatsiya maqsadida inson qadrini poymol qilish holatlarini huquqiy baholash masalalari kun tartibiga chiqishi kerak.
Chunki bu yerda gap faqat odob-axloq, etika haqida emas, inson huquqlari haqida ketyapti.
Axir mamlakatning sivilizatsiya darajasi jamiyatning eng kuchsiz insonga munosabati bilan o‘lchanadi. Ruhiy azobdagi insondan auditoriya yig‘ishni mediaga qiyoslab bo‘lmaydi. Bu endi insoniy chegaralarning yemirilishi. Agar bugun jamiyat bu holatga befarq qarasa, ertaga har qanday himoyasiz inson kamera oldida “kontent”ga aylanishi mumkin. Inson qadri har qanday tomoshadan, shoudan, reklamadan ustun bo‘lgan jamiyatgina haqiqatan rivojlangan jamiyat hisoblanadi.
Mahfuza Yo‘ldosheva


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter