Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin Hindiston bosh vaziriga yon berdi

Putin Hindiston bosh vaziriga yon berdi

Putin va Modi Novo-Ogaryovo qarorgohida.

Foto: Reuters

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi rus armiyasi safida Ukrainaga qarshi urushda qatnashayotgan hind fuqarolari borasida kelishuvga erishdi. Hindiston matbuoti xabariga ko‘ra, Narendra Modi 8 iyul kuni Moskvada Putin bilan muloqotda Hindiston fuqarolari masalasini ko‘targan.

Mezbon davlat rahbari mehmonning talabiga yon bergan.  Ikki davlat yetakchisi kelishuviga muvofiq hozirda Rossiya armiyasi tarkibida jang qilayotgan Hindiston fuqarolari xizmatdan bo‘shatiladi va vataniga qaytariladi.

Ayni paytda 30-40 nafar Hindiston fuqarosi Rossiya armiyasida xizmat qilayotgani aytiladi. Ularning aksari yolg‘on va’dalar bilan jalb etilgan va Ukraina urushiga safarbar qilingan. Jang maydonida kamida ikki hindistonlik halok bo‘lgan.

Kreml matbuot xizmati Putin va Modi jang maydonidagi hindistonliklar borasida kelishuvga erishgani haqidagi xabarga izoh bermagan.

Joriy yil may oyida hind politsiyasi mamlakat fuqarolarini Rossiyada mo‘may daromadli ish va universitetda o‘qish va’dasi bilan rus armiyasiga jalb etish bilan shug‘ullangan to‘rt shaxsni qo‘lga olgandi. Buning ortidan rasmiy Dehli Moskvadan hind fuqarolarini urushga yollamaslik va ayni paytda Rossiya armiyasi safida bo‘lganlarini vataniga qaytarishni talab qilgan edi.

Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgan dastlabki oylarda Hindiston betaraf maqomda turishga uringan. Ham Vashington, ham Moskva bilan strategik hamkorlikka ega mamlakat G‘arb bosimiga qaramay, Rossiya tajovuzini qoralashdan tiyilgan.

Ammo keyingi vaqtlarda Hindistonning Ukraina urushi borasidagi pozitsiyasi o‘zgardi. Dehli Moskvani qurolli ziddiyatni muloqot yo‘li bilan hal etishga chaqira boshladi.

Ma’lumot o‘rnida, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi kecha, 8 iyul kuni Moskvaga bordi. Bu uning 2019 yildan buyon Rossiyaga dastlabki tashrifidir. Putin va Nodi so‘nggi bor 2022 yil sentyabr oyida Samarqand shahrida ShHT sammiti doirasida uchrashgan. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring