Putindan Yevropaning “o‘takasini yoruvchi” navbatdagi harakat

Putin “Zapad-2025” harbiy mashqlarida.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin NATO, xususan, Yevropa davlatlarining xavfsizligiga tahdid tug‘diruvchi, ta’bir joiz bo‘lsa, ularning o‘takasini yoruvchi qaltis harakatlarda davom etmoqda. AQSh mudofaa vazirligi josuslik boshqarmasi sobiq xodimi Rebekka Koffler “The Telegraph” nashrida chop etilgan maqolasida Kremlning xatarli harakatlarini tahlil etgan.
Joriy yil 12-16 sentyabr kunlari Rossiya Belarus bilan hamkorlikda “Zapad-2025” strategik harbiy o‘quvini tashkil etdi. Harbiy razvedka bo‘yicha tahlilchi Rebekka Kofflerning yozishicha, Rossiya armiyasi mazkur mashg‘ulotlarda taktik yadro qurolini ishga solishni ham mashq qildi. Jarayonga harbiy formada kiygan Putin boshchilik qildi.
Ta’kidlanishicha, Rossiya ham, G‘arb ham yadro urushini istamaydi, ammo tobora qaltis tus olayotgan vaziyat yadro urushi ehtimoli har qachongidan ham kuchliroq ekanidan dalolat beradi.
“Rossiyaliklar harbiy mashg‘ulotlar doirasida muntazam ravishda yadro quroli orqali zarba berishni mashq qilmoqda. Putin (mashg‘ulotlarda) yadro quroli tugmasini bosmoqda. Negaki, rossiyaliklar o‘z yetakchilari ushbu harakatga tayyor bo‘lishini istashadi. Bu – Sovet davridan orttirilgan muhim saboq mahsulidir. Aytishlaricha, 1972 yilda (SSSR bosh kotibi) Leonid Brejnevdan AQSh bilan ehtimoliy urush mashq qilingan qo‘mondonlik-shtab o‘quvida (yadro quroli) tugmasini bosish so‘ralganida, uning qo‘li qaltirab ketgan ekan”, – deb yozadi R.Koffler.
So‘nggi vaqtlarda Rossiya NATO davlatlariga nisbatan harbiy provokatsiyalar uyushtirayotgani aytilmoqda.
Yaqinda Rossiyaning MiG-31 qiruvchi uchog‘i Estoniya havo hududida 12 daqiqa davomida bo‘lgani xabar qilingandi.
Ikki hafta avval esa Rossiyaning 20 ga yaqin droni Polsha hududini buzib kirgan. Finlyandiya, Latviya, Litva, Norvegiya va Ruminiya havo hududi ham shu tariqa buzilgan.
Ushbu hodisalar ortidan NATO bergan bayonotda Estoniya va boshqa ittifoqchi davlatlar havo hududini buzganlik uchun to‘liq javobgarlik Rossiya gardanida ekani ta’kidlangan.
“NATO va uning ittifoqchilari o‘z-o‘zini mudofaa etish va hamma yo‘nalishlarda har qanday tahdidlarga javob berish uchun barcha harbiy va noharbiy choralarni ishga solishiga Rossiya shubhalanmasligi kerak”, – deya Kremlni provokatsion harakatlardan tiyilishga chaqirgan NATO rahbariyati.
Keyingi paytlarda Rossiya rahbariyati va olimlari yadro quroli ishga solinishi haqida goh oshkora tarzda, goh ishoralar bilan bayonotlar berib kelmoqda.
2022 yil 27 fevral kuni, Ukraina urushidan bir necha kun o‘tgach, Putin mudofaa vazirligiga yadro quroliga aloqador kuchlarni harbiy navbatchilikning maxsus rejimiga o‘tkazish haqida buyruq bergan edi. Mazkur tahdidli bayonot ortidan ehtimoliy yadro zarbasi xususida muhokamalar qizg‘in tusga kirdi.
Putin 2022 yil sentyabr oyidagi murojaatida mamlakat hududiy yaxlitligi tahdid ostida qolsa, Rossiya yadro qurolidan foydalanishi haqida gapirgan.
Rossiya rahbari 2024 yil 29 fevral kuni mamlakat parlamentiga yo‘llagan murojaatida tashqi siyosatga doir masalalar haqida gapiraturib, yadro quroli shay holatda ekaniga ham sha’ma qilgan edi.
AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns Putin Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy harakatlar ortidan yadro qurolini ishga solishi mumkinligi haqida bayonot bergan.
Rossiyalik ayrim siyosatshunoslar G‘arb mamlakatlari “aqlini kirgizish” uchun namoyishkorona yadro portlashini amalga oshirishni taklif qilgani ham ma’lum.
Rossiyaning NATOga ehtimoliy hujumi mavzusi ham tobora faol muhokama etilmoqda.
Putin harb maydonida Ukrainani mag‘lub etgudek bo‘lsa, NATOga qarshi urush ochadi, deb hisoblaydi xavfsizlik bo‘yicha Myunxen xalqaro konferensiyasi rahbari Kristof Hoysgen.
Avvalroq Amerikadagi Urushni tadqiq qilish instituti (ISW) Boltiqbo‘yi mamlakatlari Kremlning Ukrainadan keyingi nishoni bo‘ladi degan taxminni ilgari surgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter