Qadimgi masjid, madrasa va sinagoglarda alkogol savdosiga yo‘l qo‘yilmaydi
O‘zbekistonda madaniy-meros ob’yektlarini ijaraga berish tartibi o‘zgaradi. Bu haqda Madaniy meros departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Xasan Xolmurodov xabar berib o‘tdi.
«Endilikda, qadimgi masjid, madrasa va sinagoglarni ijaraga berishda diniy qo‘mita tomonidan xulosa olinadi. Bunday ob’yektlarda kafe, restoran va mehmonxona bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Diniy qo‘mita bilan kelishilgan holda tarixiy ibodat maskanlari asosan hunarmandlarga ijaraga beriladi. Masjid va madrasalarda spirtli ichimliklar sotilishi holati kuzatilayotgan bo‘lsa, uning ijarasi to‘xtatiladi.
Ba’zi ob’yektlarda shunday bo‘lganki, bir shaxs tomonidan ijaraga olinib, boshqa maqsadda boshqasiga qayta ijaraga berilgan. Bir qator ob’yektlar ijarasidan Madaniyat vazirligi ham bexabar bo‘lgan.
Bu borada aniq qonun va qarorlar qabul qilindi. Endi biz buni ommaga yetkazishimiz kerak.
Shu vaqtga qadar ijaraga berilgan ob’yektlar masalasida ish olib boriladi. Bu o‘rinda tadbirkorning huquq va majburiyatlarini ham inobatga olish lozim. U bilan bir yillik shartnoma imzolangan. Yoki investitsiya kiritish sharti bilan besh yillik muddat belgilangan bo‘lishi mumkin.
Bu muddat yakuniga yetganga qadar kutishga to‘g‘ri keladi», — deydi Xasan Xolmurodov.
«Bu juda dolzarb masala. O‘zimizga qolsa bunday ijarachilarni hozirning o‘zida tarixiy binodan chiqarib yuborgan bo‘lardik. Ammo tadbirkor ham sudga berishi va jarayon cho‘zilishi mumkin», — deydi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Akilova.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter