Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarshi shahri hududi qariyb 8 ming gektarga kengaytiriladi

Qarshi shahri hududi qariyb 8 ming gektarga kengaytiriladi

Qarshi shahri keyingi 18 yil ichida Koson, Qarshi va Ko‘kdala tumanlari hududiga qarab 7 ming 767 gektarga, ya’ni qariyb ikki baravar kengayadi. Bu borada Hukumat joriy yil 24-fevralda Qarshi shahrining yangi bosh rejasiga doir tegishli qarorini qabul qilgan.

Hujjatga ko‘ra, Qarshi shahrining hozirgi 8 ming 308,9 gektar hududi 2030-yilning oxiriga qadar (birinchi navbatda) 11 ming 26,8 gektar, 2042-yil yakunigacha (hisob davrida) esa 16 ming 73,6 gektargacha o‘zgaradi.

Shu yillarda shahar aholisi soni 300 ming kishidan mos ravishda 400 ming va 470 ming kishigacha ko‘payishi kutilmoqda. Uy-joy fondi esa bugungi 3 mln 992,27 ming kvadrat metrdan birinchi navbatda 7 mln 200 ming kvadrat metr, hisob davrida 10 mln 810 ming kvadrat metrgacha oshishi reja qilingan. Shunda uy-joy bilan ta’minlanish darajasi bir kishiga o‘rtacha 14,1 kvadrat metrdan 2030-yilda 18 kvadrat metr, 2042-yilda 23 kvadrat metrgacha ko‘tariladi. E’tiborlisi, shahar uy-joy fondining umumiy maydonida 2-3 va 4-5 qavatli      uylarning hissasi keskin kamayib, 7, 12, 14 va 16 qavatli uylarning hissasi esa, aksincha, ortadi, 9 va 20 qavatli uylar barpo etiladi.

Shu bilan birga, shaharda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining quvvati hozirgi 11,8 ming o‘rindan birinchi navbatda 22 ming,  hisob davrida 29 ming 140 o‘ringacha, umumta’lim maktablari quvvati esa mos ravishda 38 ming o‘rindan 64 ming va 74 ming 260 o‘ringacha oshadi. Xuddi shu tarzda shahardagi shifoxona  va poliklinikalar,  do‘konlar va umumiy ovqatlanish korxonalari, klublar va madaniyat saroylari, teatr va kinoteatrlar, mehmonxonalar va maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalarining ham xizmat qamrovi kengayadi.

Shaharda magistral ko‘chalarning uzunligi (hozir - 88 kilometr) 2030 yil oxirida 155,35 kilometr, 2042 yil yakunida 291,33 kilometrni tashkil qilib, yiliga tashiladigan yo‘lovchilar soni  (hozir 96 mln nafar) yaqin 6 yil ichida 160 mln, 18 yildan keyin esa 235 mln nafargacha ko‘payadi. Muhandislik va texnik infratuzilma sohalari (ichimlik suvi, gaz, elektr energiyasi va issiqlik ta’minoti, kanalizatsiya) bo‘yicha ham jadal rivojlanish nazarda tutilgan.

Qarshida ekologik muhitni yaxshilash, atrof-muhit va aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatish omillarini kamaytirish maqsadida ekologik talablarga mos ravishda umumiy foydalanishdagi ko‘kalamzor hududlar, maydoni hisob davrida 423 gektar, kishi boshiga 9 kvadrat metr (hozirgi holati - 178,4 gektar va 6,3 kvadrat metr), sanitar-himoya hududlar maydoni 586,7 gektar, kishi boshiga 12,48 kvadrat metrga (hozirgi holati - 166,5 gektar va 5,88 kvadrat metr) yetkaziladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring