Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashshoqlikdan – «Cho‘qintirgan ota»gacha: yozuvchi Mario Pyuzoning hayratlanarli hayot yo‘li

Qashshoqlikdan – «Cho‘qintirgan ota»gacha: yozuvchi Mario Pyuzoning hayratlanarli hayot yo‘li

Foto: Internetdagi ochiq manbalar

U 45 yoshida qarzga botgan edi. Ikkita romani omadsiz chiqqan, banklar va kreditorlar esa pullarini talab qilayotgandi. Turmush o‘rtog‘i va besh nafar farzandini qanday boqish haqida bosh qotirayotgan yozuvchi hayotini o‘zgartiradigan qaror qabul qildi: «Endi pul topadigan kitob yozaman!» Oradan ko‘p o‘tmay, bu kitob nafaqat uni millionerga aylantirdi, balki jahon adabiyoti va kinosi tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Bu kitobning nomi «Cho‘qintirgan ota» edi.

Ota tashlab ketgan oila

Mario Pyuzo 1920-yil 15-oktyabrda Nyu-Yorkda italiyalik muhojirlar oilasida tug‘ilgan. Otasi oilani tark etgach, onasi Mariya besh farzandini yolg‘iz o‘zi katta mashaqqat bilan voyaga yetkazdi. Qashshoqlikka qaramay, u farzandlarini mehnatsevar va irodali qilib tarbiyaladi.

Keyinchalik Pyuzo onasini hayotidagi eng buyuk inson deb e’tirof etdi. Uning matonati, oilaga sadoqati va donoligi «Cho‘qintirgan ota» romanidagi Don Vito Korleone obrazini yaratishda ilhom berganini aytdi.

Ikkinchi jahon urushida AQSh armiyasi safida xizmat qilgan Pyuzo urushdan keyin jurnalistika va yozuvchilikka kirib keldi. Biroq uning dastlabki ikki romani – «Qorong‘i tomoshagoh» va «Baxtli ziyoratchi» tanqidchilarga ma’qul kelgan bo‘lsa-da, kitobxonlar e’tiborini qozona olmadi.

Eng katta tayanch

1946-yilda Pyuzo Erika Broskega uylandi. Ular salkam 32 yil birga yashab, besh nafar farzand – Entoni, Doroti, Virjiniya, Maykl va Kerolni voyaga yetkazishdi.

Yozuvchilikdan deyarli daromad kelmagan yillarda Erika turmush o‘rtog‘ini qo‘llab-quvvatladi. Keyinchalik Pyuzo eng og‘ir damlarida unga kuch bergan narsa oilasi ekanini bir necha bor ta’kidlagan.

Qarzlar tufayli yozilgan shoh asar

1960 yil oxiriga kelib Pyuzo qariyb 20 ming dollar qarzga botdi. Banklar, qarindoshlar va hatto bukmekerlardan olgan qarzlari ortib borar, oilasini ta’minlash tobora qiyinlashardi. Shunda u hayotini o‘zgartirib yuboradigan qarorni qabul qildi: «Endi pul topadigan kitob yozaman!»

Qizig‘i shundaki, Pyuzo hech qachon haqiqiy mafiya a’zosi bilan yaqindan tanish bo‘lmagan. U «Cho‘qintirgan ota» romanini gazetalar, sud hujjatlari, jurnalistik surishtiruvlar va o‘zining boy tasavvuriga tayanib yozdi.

Millionlar eshigini ochgan kitob

1969-yilda «Cho‘qintirgan ota» nashr etildi va qisqa vaqt ichida butun dunyoda haqiqiy shov-shuvga aylandi. Asar 30 dan ortiq tilga tarjima qilindi va 21 milliondan ziyod nusxada sotildi.

Pyuzo dastlab roman uchun atigi 5 ming dollar avans olgan edi. Keyin film huquqlarini taxminan 80 ming dollarga sotdi. Ammo kitobning ulkan muvaffaqiyati unga yillar davomida millionlab dollarlik daromad keltirdi.

1972-yilda «Cho‘qintirgan ota», 1974 yilda esa «Cho‘qintirgan ota, II qism» filmlari ekranlarga chiqdi. Pyuzo rejissyor Frensis Ford Koppola bilan birgalikda har ikki film ssenariysi uchun ikki marta «Oskar» mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Hatto bir kuni ssenariy yozish haqida kitob sotib olganida, birinchi bobda shunday tavsiyani o‘qib hayratda qoldi: «Ssenariy yozishni o‘rganish uchun “Cho‘qintirgan ota” ssenariysini o‘rganing».

Qarzdor yozuvchidan millionergacha

«Cho‘qintirgan ota»dan keyin Pyuzo dunyodagi eng mashhur yozuvchilardan biriga aylandi. «Aldanganlar», «Sitsiliyalik», «So‘nggi don», «Omerta» va «Oila» romanlarini ham yozdi. Asarlari millionlab nusxada sotildi, filmlar va kitoblardan kelgan mualliflik haqi esa uning moliyaviy ahvolini tubdan o‘zgartirdi.

Turli manbalarga ko‘ra, hayotining oxirgi yillarida Mario Pyuzoning boyligi 20–25 million dollar atrofida bo‘lgan.

Ammo boylik hamma dardga davo bo‘lmadi. 1978-yilda uning umr yo‘ldoshi Erika ko‘krak saratonidan vafot etdi. Bu fojia Pyuzoga qattiq ta’sir qildi. Keyingi yillarda u farzandlari bag‘rida yashab, bor e’tiborini ijodga qaratdi.

O‘lmas meros

1999-yil 2-iyulda Mario Pyuzo 78 yoshida yurak yetishmovchiligidan vafot etdi.

Uning hayoti bir haqiqatni isbotlaydi: inson taqdirini ba’zan bitta to‘g‘ri qaror o‘zgartiradi. Agar Pyuzo qarzlaridan qo‘rqib taslim bo‘lganida, ehtimol, dunyo «Cho‘qintirgan ota»dek o‘lmas asarni hech qachon o‘qimagan bo‘lardi.

Bugun Mario Pyuzo nafaqat mashhur yozuvchi, balki qiyinchiliklar oldida taslim bo‘lmagan insonning ramzi sifatida ham yodga olinadi.

Anvar Namozov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring