Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qasri Millat»da tor doirada uchrashuv o‘tkazildi

«Qasri Millat»da tor doirada uchrashuv o‘tkazildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Dushanbedagi «Qasri Millat» davlat qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tor doirada uchrashuv o‘tkazdilar.

Siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yetakchilar Markaziy Osiyoning manfaatlarini ilgari surish va uning barqaror taraqqiyotini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida mintaqaviy tuzilmalar va xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilishlarini tasdiqladilar.

Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarida sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tish ekani ta’kidlandi.

Shu ma’noda, ittifoqchilik munosabatlarining salohiyatini ro‘yobga chiqarish barcha darajalardagi muloqotlar natijadorligini oshirishni taqozo etishi qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, oxirgi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 40 barobar o‘sdi. Qo‘shma korxonalar soni 15 barobar ko‘paydi.

Hukumatlar oldiga tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish, shu jumladan o‘zaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish, chegaraoldi savdo zonalarini tezkor ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Tashrif arafasida biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan bo‘lib, uning yakunida yangi kooperatsiya loyihalari va savdo shartnomalarining katta portfeli shakllantirildi.

Mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, konchilik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlaridagi o‘zaro manfaatli loyihalar shular jumlasidan.

Tomonlar kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarni ham belgilab oldilar. Shu maqsadda qo‘shma Investitsiya kompaniyasining salohiyatidan foydalaniladi.

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi. Kinotomoshalar, konsertlar, spektakllar, ko‘rgazmalar va yoshlar forumlari muntazam o‘tkazilishi ta’kidlandi. Ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, hamyonbop turizm dasturlarini ishlab chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari Prezident Emomali Rahmonni o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring