Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘li Qatar kompaniyasi tomonidan qurilishi mumkin
Qatar kompaniyasi Toshkent-Samarqand yo‘nalishida pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasiga investitsiya kiritmoqchi, deb xabar bermoqda Turizm qo‘mitasi. Ushbu taklif turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyevning «Power International Holding» kompaniyasi (Qatar) boshqaruv raisi o‘rinbosari Moris Gattas bilan uchrashuvida bildirilgan.
Uchrashuvda O‘zbekistonda turizm sohasi uchun davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan taqdimot o‘tkazilgan. Ikki tomonlama muloqot davomida Qatar tomonidan O‘zbekistonda turizm infratuzilmasi bo‘yicha loyihalarga investitsiya kiritish masalalari muhokama qilingan.
«Ular orasida tarixiy shaharlarida mehmonxonalar qurish, Toshkent-Samarqand yo‘nalishida tezyurar poyezdlar uchun temir yo‘l qurilishi va shu yo‘nalishda pullik avtomobil yo‘lini qurish hamda Toshkent viloyatida xalqaro umummavsumiy tematik bog‘ barpo etish loyihalari bor», — deyiladi xabarda.
«Power International» – dunyoning 19 ta mamlakatida energetika, neft-kimyo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash, turizm kabi sohalarda faol ish olib borayotgan Qatarning eng yirik milliy xoldingi. Yaqin Sharqdagi yetakchi ko‘p tarmoqli kompaniyalardan biridir.
Ushbu kompaniya bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida kelgusida mintaqaning eng katta agrosanoat majmuasi bo‘ladigan zamonaviy chorvachilik klasteri qurilmoqda.
Avvalroq Qatarga davlat tashrifi bilan borgan Shavkat Mirziyoyev bu mamlakatning yirik tadbirkorlari, jumladan, «Power International Holding» kompaniyasi boshqaruvi raisi Mutaz al-Hayyat bilan uchrashgandi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil magistralini barpo etish, ammiak va karbamid ishlab chiqarish hajmini oshirish, ishbilarmonlik va mehmonxona infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash ob’yektlarini tashkil etish istiqbolli loyihalar sifatida qayd etilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter