Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qirg‘iziston – Tojikiston chegarasida yana to‘qnashuv: bir chegarachi halok bo‘lgani aytildi

Qirg‘iziston – Tojikiston chegarasida yana to‘qnashuv: bir chegarachi halok bo‘lgani aytildi

Bugun Isfara tumani Chorkuh mahallasidan o‘tgan Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan. Tojikiston tomonida bir chegarachi halok bo‘ldi, yana ikki nafari yaralandi, deya xabar berdi «Asia Plus»ga mahalliy aholidan biri.

«Qirg‘iziston chegarachilari Tojikiston hududiga (Isfara tumani Chorkuh mahallasi, «Vahdat» hududi) o‘tib, tojik chegarachilaridan bu hududni tark etishni talab qilishgan», – deyiladi xabarda. «24.kg» saytidagi versiyaga ko‘ra, Tojikiston chegarachilari Qirg‘iziston chegarachilaridan joyni tark etishni talab qilgan.

Shunga qaramasdan, munozaraga nima sabab bo‘lgani hali ma’lum emas. Dushanbe va Bishkek vaziyat to‘g‘risida rasmiy bayonot berganlaricha yo‘q.

Hozirda ikki davlat huquq-tartibot idoralari joylarda ish olib bormoqda, vaziyat tarangligicha qolmoqda. Isfara shahar markaziy kasalxonasida halok bo‘lgan chegarachi borligi tasdiqlangan, yaralanganlarning soni haqida to‘liq ma’lumot mavjud emas. Shuningdek, Qirg‘iziston tomoni yo‘qotishlar haqda gapirishdan tiyilmoqda.

«Otishma natijasida qirg‘iz tomonidan yaradorlar va jarohatlanganlar yo‘q», – deyiladi Qirg‘iziston chegara xizmati xabarida.

Qirg‘iziston–Tojikiston chegarasidagi to‘qnashuvlar tarixi

2021-yil 28-aprel kuni Qirg‘iziston–Tojikiston chegarasida Ko‘k-Tosh va Xo‘jai A’lo o‘rtasidagi to‘qnashuv sodir bo‘ldi. To‘la bo‘lmagan ma’lumotlarga qaraganda, to‘rt kishi halok bo‘lgan va o‘nlab kishilar yaralangan.

29-aprel kuni Qirg‘izistonning Ko‘k-Terek qishlog‘ida hamda Botken va Leylek tumanlaridagi ba’zi boshqa qishloqlarda har ikki tomondan kamida 41 kishi halok bo‘lgan. Taxminan 10 000 kishi evakuatsiya qilingan. 30 aprel kuni o‘zaro to‘qnashuvlar to‘xtatilishiga erishilgan edi.

2-may kuni Qirg‘izistondagi 30 mingdan ortiq fuqarosini chegara yaqinidagi Botken viloyatidan evakuatsiya qildi. Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi va Tojikiston chegaradagi vaziyat barqaror va osoyishta ekanini ma’lum qilgan, biroq keyinchalik Botkendagi chegara yaqinidagi uyda portlamay qolgan raketa topilib, keng muhokamalaga sabab bo‘lgan edi. 3 may kuni har ikki davlat chegaradan qo‘shinlarini olib chiqishni yakunladi.

9-iyul kuni o‘t ochishni to‘xtatishga qaramay, tojik va qirg‘iz chegarachilari o‘rtasidagi to‘qnashuvda bir qirg‘izistonlik harbiy halok bo‘ldi.

Shu yilning yanvarida Qirg‘iziston – Tojikiston chegarasida, Tort-Kocho manzilida har ikki mamlakat harbiylari o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan edi. O‘shanda tojik harbiylari Botken tumanidan o‘tuvchi O‘sh – Isfana yo‘lining Tort-Kocho manzilidagi qismini bir tomonlama yopib qo‘yishgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring