Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishloqlarda ham bankomat o‘rnatiladimi?

Qishloqlarda ham bankomat o‘rnatiladimi?

Foto: «Azon.uz»

Bir necha yil ilgari ko‘pchilik plastik kartochka egalari oylik maoshini naqd pulga aylantirolmay halak bo‘lgani hammamizning yodimizda. Banklardan naqd pul olishning umuman imkoni bo‘lmagan. Arzimagan summani bank orqali naqdlashtirish uchun avval pasport bilan borib ariza yozish, murojaat ko‘rib chiqilishini bir necha hafta kutish, shundan so‘ng «limit» tugab qoldi yoki naqd pul yo‘q, degan bahona ko‘rsatilgan javobni olish mumkin edi, xolos.

Naqd pul tanqisligidan do‘konu-bozorlarda elektron pulga sotiladigan mahsulot bilan qog‘oz pulga sotiladiganining narxida 20 foizlik farq bo‘lgan. Ba’zi do‘kondorlar peshona teri bilan topgan pullaringizni 12 dan 20 foizigacha o‘ziga olib qolish sharti bilan naqdlashtirib berishardi. Ayrim fuqarolarimiz 20 foiz maoshini yulg‘ichlarga bermaslik uchun temir yo‘l, avia va kommunal to‘lov kassalariga naqd pul to‘lash niyatida keladiganlarni poylashar, shunday insonni topgach esa naqd pulini berib, to‘lovni o‘zining plastik kartochkasidan amalga oshirishni iltimos qilishardi. Keyinroq banklar naqdlashtirishning bu usulini bartaraf qilish maqsadida plastik kartochkadan to‘lov qilayotgan fuqaro kassaga ham pasporti bilan kelishi shartligi to‘g‘risidagi g‘alati va asabbuzar qoidani o‘ylab topishdi. Chekka tumanlarda terminal orqali savdo qiladigan do‘konlarning yo‘qligi esa muammoni yanada o‘tkir tus olishiga sabab bo‘lardi. Shukurki keyingi paytlarda bu muammo deyarli bartaraf qilindi. Hozirda katta shaharlar, tuman markazlarida o‘nlab bankomatlar aholiga xizmat ko‘rsatyapti. O‘tgan davr mobaynida sohada olib borilgan islohotlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki matbuot xizmati rahbari Asqar Xaydarovga murojaat qildik.

17 million dona plastik kartochka bor

– Sohadagi islohotlar 2016 yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev to‘planib qolgan muammolarni qat’iy tanqid ostiga olgani, qisqa muddatda amalga oshirilishi shart bo‘lgan vazifalarni belgilab berganidan so‘ng boshlandi, – deydi A. Xaydarov. – Natijada qisqa muddatda terminal, infokiosk, bankomatlar soni keskin ko‘paytirildi. 2019 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra respublikamizda 17 million 686 ming dona bank plastik kartalari amal qilmoqda. Kartalar soni 2018 yildagiga nisbatan kamaygan. Bu «DUET» plastik kartalari loyihasining tugatilganligi bilan bog‘liq holat. To‘lov terminallari esa keskin ko‘payib, 244 913 tani tashkil qildi. Ayniqsa, bankomat va infokiosklar soni geometrik progressiya tarzda o‘sdi. Jumladan, ularning soni 2019 yil boshiga 6 859 tani tashkil etgan. Bankomatlar ko‘payishda davom etmoqda. Katta shaharlardagi yirik savdo markazlari, mehmonxonalar, bozorlarda o‘nlab yangi bankomatlar o‘rnatilmoqda. Bu jarayonda olis tumanlar aholisi ham chetda qolayotgani yo‘q. Asosiysi bankomat va infokassalar, terminallar xo‘jako‘rsinga o‘rnatilmayapti. Ularning uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi ustidan qatiy nazorat o‘rnatilgan. Bankomatlar doimo naqd pul bilan to‘la holda saqlanmoqda. Fuqarolar hohlagan paytda plastik kartadagi pullarini qiyinchiliksiz naqdlashtirib olish imkoniga egalar. Natijada har kuni yuzlab million so‘m mablag‘ naqdlashtirilib, yana shunchasi elektron shaklga o‘tmoqda. Ahamiyatlisi, naqd pul sohasidagi islohotlar ko‘pchilik xavotir olganidek jilovlab bo‘lmas keskin inflyasiyaga ham olib kelmadi. Bu albatta, sohaga oid qator boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirilgan bilan bog‘liq.

Bankomat «tushlikka» chiqsa navbatlar qachon tugaydi

Shunga qaramay tahririyatimizning viloyatlardagi muxbirlarining xabarlariga ko‘ra, chekka tumanlarda hamon naqd pul olish uchun bankomatlar oldidagi navbatlar qisqargani yo‘q. Misol uchun, Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida bor yo‘g‘i ikkita bankomat o‘rnatilgan. 200 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan tuman uchun bu albatta kam.

– Naqd pul olish uchun navbatlar, ayniqsa, oy boshida o‘qituvchi, tibbiyot xodimlari, davlat xizmatchilari maosh oladigan paytda ko‘payib ketadi, – deydi tumanning «Ozod» mahallasidagi 7-umumta’lim maktabi Yoshlar ittifoqi yetakchisi Ilhom Ismoilov. – Mahallamizdan tuman markaziga borish uchun sal kam bir soat vaqt sarflash kerak. Tabiiyki biz pul oluvchilar navbatining boshiga tusha olmaymiz. Navbatlar yoziladigan ko‘p varaqli umumiy daftarlar oadamlarning ism-sharifi bilan to‘ladi. Agar tong sahardan markazga borib navbatga yozilmasangiz pulingizni ikki kundan keyin naqlashtirishingiz ham mumkin. Yana bir qiziq holat bor. Bankomat «tushlikka» chiqqani to‘g‘risida eshitganmisiz? Sho‘rchilik bankomatlar shunday qilishadi. Bank xodimlari bilan birga «tushlikka» chiqishadi. Plastik kartochkasini ko‘tarib, olis qishloqlardan kelgan insonlar esa ularning qorni to‘yishini kutib o‘tirishga majbur. Shu sababli qishloqliklar har bir maktab, vrachlik punkti, mahalla fuqarolar yig‘inlari binolarida ham bankomatlar o‘rnatilishi, yirik shaharlar aholisi foydalanayotgan imkoniyatlar ular uchun ham yaratilishini intiqlik bilan kutishmoqda.

Elektron pullar, qog‘oz pullardan afzalroqmi?

Sohada hali xal etilishi kerak bo‘lgan muammolar mavjudligiga qaramay olib borilayotgan islohotlar, yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida mamlakatimiz aholisi elektron pullarning qog‘oz pullardan afzalligini tushunib bormoqda. Jumladan, to‘lovlarni amalga oshirishda «onlayn» tizimlarining kun sayin ko‘payayotgani, kartadan kartaga pul o‘tkazish va boshqa yangiliklar foydalanuvchilari tomonidan iliqlik bilan qarshi olindi. Bu yurtimizda pul aylanish tizimini tezlashtirish, iqtisodimizning rivojlanishga ham katta hissa qo‘shyapti. Naqd pullarini o‘z ixtiyori bilan plastik kartaga o‘tkazayotgan fuqarolar soni ham ko‘payib bormoqda.

– Oylik maoshimni bankomat orqali naqlashtirib olgandim, — deydi Toshkent shahridan Shohruh Soatov. — Ammo ko‘p o‘tmay Jizzax viloyatida xizmat safarida bo‘lgan hamkasbim qarz so‘rab qoldi. Uning plastik kartochkasiga pul o‘tkazish uchun bankka borib, naqlashtirgan mablag‘larimni yana qayta plastik kartamga tushirishimga to‘g‘ri keldi. – Bundan tashqari elektron pullar soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, uy-joy kommunal, mobil aloqa, raqamli televideniye, notarial va boshqa xizmatlar bo‘yicha to‘lovlarni dam olish kunlarisiz kechayu-kunduz real vaqt rejimida amalga oshirish imkoni mavjudligi bilan plastik kartadagi mablag‘ qog‘oz puldan afzal, deb bilaman.

Darhaqiqat, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugun masofaviy bank xizmatlaridan foydalanadigan aholimiz soni yetti million nafardan oshib ketgan. Fuqarolarimiz, avvalgidek, majburlikdan emas, balki, afzalligi, qulayligi uchun elektron pullarni tanlab, mablag‘larini plastik kartochkalarda saqlashni istashmoqda. Agar shu kabi imkoniyatlar, elektron pullarni xohlagan payti qiyinchiliklarsiz naqlashtirish uchun sharoit olis qishloqlar, tumanlar aholisi uchun ham yaratilsa, iqtisodimiz uchun faqat foyda keltirardi.

Ulug‘bek IBODINOV, jurnalist

Manba: azon.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring