Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qiya ochiq eshikdan qarab... Ozarbayjonlik shoira bilan ijodiy kecha o‘tkazildi

Qiya ochiq eshikdan qarab... Ozarbayjonlik shoira bilan ijodiy kecha o‘tkazildi

Foto: Yozuvchilar uyushmasi

Kecha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati, davlat va jamoat arbobi, jurnalist va shoira Ganira Pashayeva ishtirokida ijodiy kecha o‘tkazildi.

Hali tadbir boshlanmasidan avval uyushma hovlisida Ganira xonimning o‘zbek do‘ppisida kelayotganini ko‘rdim-u, ko‘nglimga ajib bir his yugurdi. Tanimagan kishi uni o‘zbek, deb o‘ylashi ajab emasdi. O‘sha vaziyatda ozar va o‘zbek xalqlarining chindan qondosh ekaniga yana bir karra iqror bo‘ldim.

Tadbirda shoiraning «Och eshikni...» nomli she’riy kitobining ham taqdimoti bo‘ldi. Ganira Pashayevaning kitobchaga jamlangan she’rlari sevimli shoiramiz Xosiyat Rustamova tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan. Garchi Ganira xonimning o‘zi so‘zga chiqqanida: «Men o‘zimni shoir sanamayman, shoir emasman, shunchaki ko‘nglimga kelganlarini qog‘ozga tushirib qo‘yaman», – deb kamtarlik qilgan bo‘lsa-da, uning ijodi anchayin baland cho‘qqilarni egallab bo‘lgan.

Tadbirda uning ijodidan namunalar o‘qilganda qulog‘imga chalingan go‘zal misralar «Och eshikni...» kitobini to‘la o‘qib chiqishga menda ishtiyoq uyg‘otdi. Mana hozir, shoira she’rlarini o‘qib o‘tirarkanman, ularning satrlari meni hayrat va hayajonga ko‘mmoqda.

Kitobdan eng birinchi she’r bo‘lib joy olgan «Ruhim qorabog‘lidir»ning ilk bandiyoq o‘quvchini o‘ziga rom etadi:

Uyqularim etildi tor-mor,
Seni ko‘rolmagan u kundan buyon.
Na sendan u yoqda jannat bor,
Jannat yo‘q na sendan bu tomon.

Lirik qahramonning uyqusini tor-mor etgan, uni o‘ychil, g‘amchil va bedor etgan nima? Hijron. Vatan hajri!

Bandning so‘nggi ikki satriga qarang:

Na sendan u yoqda jannat bor,
Jannat yo‘q na sendan bu tomon.

Lirik qahramon Qorabog‘ tomon – Vatanga qarata: «Sendan narida ham jannat yo‘q, sendan berisi ham jannat emas», – deydi. Axir jannat shu Vatanning o‘zi-da!

She’rning uchinchi bandidagi:

«Yashayotgan o‘limman –
Qorabog‘, sensiz ishon!» misralari odamni seskantirib yuboradi.

Vatansiz lirik qahramon yashayotgan o‘limga aylangan. Bu o‘lim qanday o‘lim? U o‘zining o‘limi. G‘urbat uni o‘z-o‘zining o‘limiga aylantirib qo‘ygan. Ammo u yashayotgan o‘lim. Qachonki visolga – Vatan tuproqlariga yetishilsa, barchasi barham topadi. Hijronning, sog‘inchning bu shakldagi ifodasi faqatgina shoira Ganiraga xos bo‘lishi mumkin.

She’rda yana shunday misralar bor:

Ey, ichimda ingrayotgan –
Ohimdirsan, Qorabog‘!
Ey, muqaddas tuprog‘im,
Ruhimdirsan, Qorabog‘!

Bu satrlarni o‘qirkanman daf’atan jadid bobolarimizning Vatan hurligini istab yurak qoni bilan bitgan she’rlari ohangi xayolimga keldi.

Aytishim kerakki, men lirik qahramon deyotganim shoiraning ayni o‘zi.

Kitobchani olganimga hali ko‘p bo‘lmaganidan, to‘liq o‘qiy olganimcha yo‘q. Qolaversa, birinchi she’rning o‘ziyoq meni o‘ziga maftun qilib qo‘ydi. Undan narisiga o‘tishga hali yurak betlamadi. Ammo kitobchani to‘liq o‘qib, u haqdagi fikrlarimni batafsilroq yozishni niyat qildim.

Shahzod Shodmon
Alisher Navoiy nomidagi
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring