Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherzod Shermatov: «Qog‘ozda qonunchilik chiroyli bo‘lsa-da, amalda ishlamasa, bu innovatsiyalar reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi»

Sherzod Shermatov: «Qog‘ozda qonunchilik chiroyli bo‘lsa-da, amalda ishlamasa, bu innovatsiyalar reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi»

Sherzod Shermatov — O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari.

Foto: «Sof.uz»

«Global innovatsion indeksda (121-o‘rin) O‘zbekistonni orqaga tortayotgan asosiy muammolarni o‘tgan safar sanab o‘tgan edik. Endi ularni birma-bir tahlil qilishni boshlasak.

Eng birinchilaridan bu «qonunchilik sifati» («Regulatory quality», 139-o‘rin) va «qonunchilik ijrosi» («Rule of law», 133-o‘rin) ko‘rsatkichlaridagi O‘zbekistonning o‘rni. Bu indikatorlar Jahon banki tomonidan tayyorlanadigan «World Governance Indicators» hisobotidan olinadi», — deb yozdi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatov «Facebook»dagi sahifasida.

Uning qayd etishicha, bu ikkala indikator ham ushbu davlatlarda faoliyat yurituvchi korxonalar va ekspertlar orasida so‘rov o‘tkazish orqali aniqlanar ekan. Ya’ni «qonunchilik sifati» indikatori davlatning xususiy sektor rivoji uchun qulay bo‘lgan qonunchilikni joriy qilish qobiliyatini baholar ekan, «qonunchilik ijrosi» indikatori esa davlatning huquqni muhofaza qiluvchi hamda sud organlari tomonidan xususiy mulk himoyasi, xususiy sektor huquqlari himoyasi, jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha qobiliyatlarini baholar ekan.


Mavzuga doir:
Sherzod Shermatov: «O‘zbekistonni dunyoga ijobiy tanitmoqchi bo‘lsak, xalqaro tashkilotlarning talablariga mos bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘ishni ham yo‘lga qo‘yishimiz kerak»


«Bu indikatorlarga o‘zimiz beradigan ma’lumotlar emas, aynan O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan korxonalar va sarmoyadorlar fikrlari ko‘proq rol o‘ynashi muhimligiga e’tibor qaratish zarur. Ya’ni, bu reytinglarda osonlikcha qandaydir chiroyli raqam berib ko‘tarilish mumkin emas, balki ushbu sohalardagi haqiqiy o‘zgarishlarni o‘sha sarmoyadorlar va ekspertlar o‘z tajribalarida sezishlari kerak bo‘ladi. Qog‘ozda qonunchilik chiroyli bo‘lsa-da, amalda uni ijrosi umuman boshqacha bo‘ladigan bo‘lsa bu kabi ko‘rsatkichlarni tuzatish juda qiyin bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida nafaqat innovatsiyalar reytingiga, balki davlatning umumiy sarmoyadorlar uchun jozibadorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Quyidagi dunyo xaritasida bu ikkala ko‘rsatkich ham aynan iqtisodiyoti rivojlangan va innovatsiyalar muhiti yaxshi yaratilgan davlatlarda yaxshiroq ekanligini, ya’ni o‘zaro aniq bog‘liqlikni ko‘rsatib turibdi», — deydi vazir o‘rinbosari.

Foto: «Facebook» / Sherzod Shermatov

«Keyingi rasmda misol sifatida qo‘shni davlat bilan ushbu 2 ta indikatorni solishtirilishini ko‘rsa bo‘ladi», — deb yozadi u. 

Foto: «Facebook» / Sherzod Shermatov

Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, ushbu yo‘nalishda haqiqiy o‘zgarishlarga erishish uchun davlat boshqaruviga yuqori malakali mutaxassislarni jalb qila oladigan darajada imkoniyat yaratishimiz zarur, chunki aynan ular qonunchilikni yaratish va ijro etish bilan bevosita shug‘ullanadi. Bu borada Singapur juda yaxshi o‘rnak bo‘la oladi.

«Davlat boshqaruvi samarasini oshirish va korrupsiyani kamaytirish uchun davlat xizmatchilari sharoiti xususiy sektornikidan yuqori darajada qilib belgilangan (masalan, vazirning yillik oladigan maoshi, o‘sha sohadagi eng yirik xususiy korxona rahbarinikidan yuqori). Bizda esa eski tuzumdan sarqitlar xaligacha saqlanib qolgan, ya’ni «zavskladga hali oylik ham beradimi...» degan latifadagidek. Davlat xizmatchisining maosh va sharoitidan iqtisod qilishga harakat qilingandan keyin u o‘z vakolatini suiste’mol qilish orqali o‘ziga sharoit yaratishga o‘tsa (masalan, qonunchilikni o‘ziga mos qilib yozib yoki talqin qilib), buning natijasida unga berilishi mumkin bo‘lgan maoshdan ko‘ra iqtisodiyotga yuzlab barobar ko‘proq zarar tegishi mumkinligini ular allaqachon tushunib yetgan», — deya xulosa qiladi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring