Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qolgan ishga qor yog‘dirmang!

Qolgan ishga qor yog‘dirmang!

Yoki dangasalikdan xalos bo‘lishning samarali yo‘llari haqida

«Bugungi ishni ertaga qoldirma», «Qolgan ishga qor yog‘ar»... kabi maqollarni deyarli hammamiz bilamiz. Nima maqsadda aytilganidan ham xabardormiz. Ammo «Buni keyinroq bajararman», «Ertaga qilsam-chi? Yo indinga qoldiraymikan?..» degan gaplarni ham ko‘p ishlatamiz? Xo‘sh, bu nimadan dalolat? Albatta, oddiy dangasalikdan.

Biz sizni baxtli qilmoqchimiz – dangasalikdan qutulishga yordam beradigan sirni topdik, demoqda mutaxassislar. Biroq, ularning aytishicha, bu yo‘nalishdagi dastlabki qadamlar oson bo‘lmaydi va natija uzoq vaqt davomida aniqlanadi. Demak, bugun dangasalikka qarshi kurashning eng samarali usullarini tahlil qilamiz. Avvalo, keling, dangasalik nima ekanligini, qanday paydo bo‘lishini va unga qarshi doim kurashish zarurligini bilib olaylik. Tayyormisiz? Unda hoziroq boshlaymiz.

Dangasalik nima?

Odatda, «dangasalik» tushunchasi insonda muhim va dolzarb vazifalarni bajarish uchun motivatsiya yetishmasligini anglatadi. Hozirda yoki yaqin kelajakda qanday harakatlarni amalga oshirish kerakligini yaxshi anglagan holda, odam bu ishdan astoydil qochadi yoki uni boshqa narsa bilan almashtiradi. Hatto kelgusi vazifalarni bajarish muqarrarligini anglab turgan holda ham u ahamiyatsiz ishlarga va noo‘rin (masalan, seriallar tomosha qilish yoki ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilish kabi) o‘yin-kulgiga vaqt ajratishda davom etadi. Bir so‘z bilan aytganda, dangasalik – hozirgi vaqtda zarur bo‘lgan faol harakatlardan qochish, psixikaning o‘ziga xos mudofaa reaksiyasi, tanlov erkinligi uchun ong osti istagi. Uning yordamida o‘zimizni bizga ma’nosiz va majburiy tuyuladigan harakatlardan «himoya qilamiz».

Dangasalikdan xalos bo‘lish qiyin, chunki bizning ongimiz aql-idrok bilan emas, balki birlamchi instinktlar va hissiyotlar bilan boshqariladi. Va biz ba’zi harakatlarni majburiy deb bilishimiz bilanoq (masalan, «Men pulga muhtoj bo‘lganim uchun buni qilishim kerak»), biz bu ixtiyoriy faoliyat emasligiga o‘zimizni ishontiramiz. Va ong osti g‘amxo‘rlik avtomatik ravishda bizni dangasalik orqali himoya qilishga intiladi.

Marhamat, yetti usuldan foydalaning

Umuman olganda, dangasalikka qarshi kurashning barcha usullari ancha universal bo‘lib, muammolarni yengishimizda ko‘pchiligimizga mos keladi. Biroq har bir inson alohida shaxs va ba’zi usullar ayrimlarda boshqalarga qaraganda samaraliroq bo‘lishi mumkin. Dangasalik bilan kurashishning eng maqbul usulini aniqlab olishingiz uchun quyidagi tavsiyalarni o‘zingizda sinab ko‘rishingiz kerak.

  1. Erta uyg‘oning

Ko‘pchilik uchun bu murakkab sinovdek ko‘rinadi. Ammo bu foydali odatni amalga oshirish uncha qiyin emas. Erta yotishga va budilnikni ma’lum bir vaqtga to‘g‘rilab qo‘yishga urinib ko‘ring. Tongda esa budilnik qo‘ng‘irog‘i chalinishi bilan darhol o‘rningizdan turing va harakatni boshlang, ertalabki yumushlaringizni bajarishga kirishing. Uyqu kamida 7-8 soat bo‘lishi uchun erta yotishga odatlaning. Shunda uyg‘onishingiz oson bo‘ladi.

Xo‘sh, bu dangasalikdan qutulishga qanday yordam beradi? Avvalo, erta tongdan rejalashtirilgan vazifalaringizni bajarishga ulgurasiz. Kunning birinchi yarmida ba’zi vazifalar bajarilganda, qolganini kunning oxirigacha amalga oshirish barcha yumush kechqurunga qoldirilganidan ko‘ra osonroq bo‘ladi. Bundan tashqari, erta uyg‘onish ish jadvalini me’yorlashtirishga yordam beradi, siz yetarlicha uyquga to‘ya boshlaysiz va jismonan yanada kuchga to‘lasiz.

  1. Ilhomlanishni o‘rganing

Yaxshi motivatsiya dangasalikdan butkul qutulishga yordam beradi. Tezkor natija uchun esa Itsxak Pintosevich tomonidan taklif etilgan ajoyib uslub bor. Uni amalda qo‘llashni hoziroq boshlashingiz va natijani 5 daqiqada olishingiz mumkin. Bu uslub kontrastga (qarama-qarshilikka) asoslangan. Qulay tarzda o‘tiring, ko‘zingizni yuming va chalg‘imaslikka harakat qiling.

Dastavval eng yomon ssenariyni tasavvur qiling. Agar ishni oxiriga yetkazmasangiz, buning oqibatlari qanday bo‘ladi? Barcha tafsilotlarni, shu jumladan, his-tuyg‘ularni bir-bir tahlil qilishga urining. Shundan so‘ng darhol ijobiy tomonga o‘ting – vazifani muvaffaqiyatli yakunlash bilan boshdan kechiradigan quvonchni his eting. Bunday fikrlash usulining 2-3 daqiqasi kuchli motivatsiyani ta’minlaydi va deyarli har qanday odamga dangasalikdan xalos bo‘lishga yordam beradi!

  1. Kayfiyatingizni boshqaring

Yaxshi kayfiyat – samarali ish uchun ajoyib drayver. Afsuski, bu asosan tashqi sharoitlarga bog‘liq. Hamma ham uni mustaqil nazorat qila olmaydi. Biroq buni o‘rganish mumkin va kerak. Yaxshi kayfiyatni keltirib chiqaradigan bir qancha omillar mavjud.

Birinchidan, hayotdagi barcha qiyinchiliklarga bebaho tajriba sifatida qarang. Har qanday vaziyatda ijobiy tomonlarni topishga o‘rganing. Asta-sekin bu odatga aylanadi va kayfiyatingizga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Ikkinchidan, ish joyingizni har doim toza saqlashga harakat qiling. Narsalaringiz qilayotgan ishingizdan chalg‘itmasligi uchun ularni tartibga keltiring. Amalga oshirgan ishlaringiz uchun o‘zingizni rag‘batlantiring. Sevimli musiqangizni tinglang. Ijobiy va harakatchan odamlar bilan ko‘proq muloqot qiling. Ulkan rejalaringizni do‘stlaringiz bilan baham ko‘rishga uyalmang.

  1. Ishlaringizni rejalashtiring

Rejali ish – shaxsiy samaradorlikni oshirishning muhim mexanizmi hisoblanadi. Aynan qanday vazifalarni hal qilish kerakligini bilish orqali dangasalikdan qutulish ancha osonroq. Vaqtning har bir lahzasida bugun, ertaga va keyingi bir necha kun hamda hafta ichida nima qilishni rejalashtirayotganingizdan xabardor bo‘lib turishingiz kerak. Va har doim oldingizda maksimal vaqt sarflay oladigan ustuvor vazifa bo‘lsin.

Rejalashtirish imkoniyatlarini beparvo qoldirmang. Ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, har bir odam ushbu oddiy odatga amal qilish orqali o‘z mahsuldorligini oshirishi mumkin. Faqat keyingi hafta uchun ustuvor vazifalar ro‘yxatini tuzing va uni ko‘rinarli joyga qo‘ying. Asta-sekin, siz bunday ro‘yxatlarni yuritishda o‘z yondashuvingizni ishlab chiqasiz.

  1. Ijtimoiy tarmoqlardan voz keching

Ijtimoiy tarmoqlarga chalg‘igan ko‘p odamlar buni doim «shunchaki besh daqiqa yo‘qotish» deb o‘ylashadi. Ammo bir necha kun davomida Facebook va vaqt o‘g‘irlaydigan boshqa ijtimoiy tarmoqlardan butunlay voz kechishga harakat qiling, shunda samaradorlikni keskin oshirishga erishasiz. Ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoqlarsiz foydali narsalarga e’tibor qaratish ancha oson ekan. Faqat ish vaqtida ularni butunlay rad eting.

  1. Joningizni koyiting

Bu dangasalikdan tezroq qutilishga va muammolarni samarali yechishga, barcha zaif tomonlar va qo‘rquvlarni yengishga imkon beradigan o‘z-o‘zini rag‘batlantirishning kuchli usuli. Mohiyatan juda oddiy: o‘z oldingizga nihoyatda qiyin, lekin bajarilishi mumkin bo‘lgan vazifa qo‘ying. Ya’ni, «imkonsiz» ishni bajarishga qaror qilishingiz kerak. Vazifani uddalasangiz, hayotingiz qanday o‘zgarishi haqida doim o‘ylab ko‘ring. Eng muhimi, topshiriqni belgilangan muddatgacha bajarishga vaqtingiz qolmasa ham, taslim bo‘lmang.

  1. Odatiy yumushlarni maroq bilan bajaring

Qiziqarli ishlarni bir necha marta samaraliroq, deyarli charchamasdan bajarish mumkin. Bu qoida har qanday yoshda qo‘l keladi. Masalan, kichkina bolalar uchun ta’lim dasturlari o‘yin shaklida beriladi. Kattalar esa odatdagi ishni qanday qiziqarli qilishni o‘ylab topsalar bo‘ladi. Faqat o‘z tasavvuringizdan foydalaning. Misol uchun, siz tozalash va boshqa muhim uy ishlarini, aytaylik, shijoat baxsh etuvchi musiqa ostida bajarishingiz mumkin.

Xulosa

Ko‘rib turganingizdek, dangasalikdan xalos bo‘lishning ko‘plab samarali usullari mavjud. Shu bilan birga, odatlarni tubdan o‘zgartirish yoki yoqimsiz narsalar qilishning hojati yo‘q. Faqat ishga bo‘lgan munosabatingizni boshqarishni o‘rganing. Kichik loyihalarni yakunlashdagi yoqimli his-tuyg‘uga ergashing va tez orada siz o‘zingizni nimaga intilayotganini aniq biladigan muvaffaqiyatli, mehnatsevar odamdek his qilasiz.

Usmonjon Yo‘ldoshev tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring