Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat yangi qonunni ma’qulladi

Senat yangi qonunni ma’qulladi

Foto: Senat axborot xizmati

Bugun, 4-avgust kuni, Toshkent shahrida Senatning majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Dastlab, «Davlat qarzi to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan davlat qarzi va unga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining ustuvorligi, davlat qarzining cheklangan hajmlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlarni belgilash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qonunni ishlab chiqishda davlat qarzini boshqarishda parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha samarali yaxlit tizimni yaratishga e’tibor qaratilgan.

Qonun bilan davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi, davlat qarzi hisobidan faqat ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish mumkinligi belgilanmoqda.

Qonun normalariga muvofiq davlat qarzini boshqarish sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi palatalari, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va Moliya vazirligining vakolatlari belgilanmoqda.

Xususan, Moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanmoqda.

Davlat qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va shu bilan bog‘liq jarayonlar haqida fuqarolarimizni to‘liq xabardor qilish tartibi ham Qonunda o‘z ifodasini topgan.

Shu maqsadda, Moliya vazirligi tomonidan davlat qarzining holati va o‘zgarishi to‘g‘risidagi axborotlar yilning har choragida o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi belgilangan.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring