Qozog‘iston elchisi mustaqil davlat qurishning murakkab sinovlari haqida gapirdi
30 avgust Qozog‘istonda muhim sanalardan biri – Konstitutsiya kuni nishonlanadi. Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda Asosiy qonun qabul qilinishining tarixiy-siyosiy ahamiyati haqida to‘xtaldi.
«Qozog‘iston va O‘zbekistonni qadim zamonlardan buyon mushtarak tarixiy ildizlar birlashtirib turadi, xalqlarimiz ham qardoshlik rishtalari va ma’naviy qadriyatlar orqali chambarchas bog‘langandir. Ajdodlarimiz ko‘p sinov va imtihonlarni birgalikda yengib o‘tgan, bizga esa Qozog‘iston va O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallagan mustaqil davlat sifatida shakllanishiga guvoh bo‘lish baxti nasib etdi», – deydi Qozog‘iston elchisi.
Diplomat o‘tgan asrning 90-yillarida kechgan Sovet Ittifoqining parchalanishi, ijtimoiy larzalar va suverenitetning qo‘lga kiritilishi kabi mushkul-murakkab sinovlarni ham ikki xalq yelkama-yelka yengib o‘tganini ta’kidladi.
1995 yil 30 avgust kuni Qozog‘istonda o‘tkazilgan referendumda Konstitutsiya qabul qilingan edi. Elchi ushbu hodisa respublika taraqqiyotida burilish yasagan deb hisoblaydi.
«Qozog‘iston Konstitutsiyasida inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat ekani fundamental tarzda mustahkamlandi. Ijtimoiy totuvlik, siyosiy barqarorlik, xalq farovonligi yo‘lida iqtisodiyotni rivojlantirish va jamiyat hayotining eng muhim masalalarini demokratik usullar orqali hal etish asosiy tamoyil o‘laroq qayd etildi. Bu jamiyatimiz va davlatimizning ilg‘or taraqqiyot yo‘lidan chinakam demokratiya tamoyillari ruhida harakatlanishida dasturilamal bo‘ldi», – deydi u.
Diplomat Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev taklif etgan «fuqarolarni tinglashga qodir davlat» konsepsiyasi ham aynan Konstitutsiya tamoyillariga hamohang ekanini urg‘uladi.
Asosiy qonunni ishlab chiqishda, shuningdek, tarixiy an’ana va qadriyatlarni saqlab qolishga alohida e’tibor qaratilgan.
XVI asr boshlarida Qozog‘iston hududidagi xonlikda «Qosimxonning porloq yo‘li» («Qasim xanniң qasqa joli») deb atalgan qonun-qoidalar to‘plami shakllantirilgan. Tovkaxon (1680–1718) davrida esa jamiyat va raiyat munosabatlarini tartibga soluvchi «Yetti nizom» («Jetі Jarg‘i») qabul qilingan.
Qayd etilishicha, Konstitutsiya ijodkorlari davlatchilikning shu kabi tarixiy tajribasini ham yodda tutgan.
Qozog‘iston hududida asrlar mobaynida turli elatlar yashab kelgan. Bu jihatdan Asosiy qonunda barcha millat va elatlarning haq-huquqlari mustahkamlanishi hal qiluvchi o‘rin tutdi.
«Nasl-nasab, irq, millat va diniy e’tiqodga ko‘ra kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik tamoyilining Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi muhim ahamiyatga ega edi. Zotan, bu o‘tgan 30 yil davomida millatlararo munosabatlarning uyg‘un rivojlanishida ishonchli poydevor bo‘ldi. Qozog‘iston yuzdan ortiq etnik guruh vakillarining oshyoniga aylandi. Darhaqiqat, millatlararo totuvlik ichki siyosiy barqarorlikning eng muhim omili bo‘lib, ularsiz izchil taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi», – deydi B.Atamqulov.
2022 yil 5 iyun kuni Qozog‘istonda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishga doir referendum bo‘lib o‘tgan edi.
Shu munosabat bilan mamlakat xalqiga murojaat yo‘llagan Q.To‘qayev konstitutsiyaviy o‘zgartishlar prezidentning imtiyoz va vakolatlarini oshirishga emas, balki hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va muvozanat tizimini mustahkamlash, barcha fuqarolarning manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilganini ta’kidlagan.
Diplomat B.Atamqulov konstitutsiyaviy islohotlarni mamlakat taraqqiyotidagi muhim bosqich deb baholadi.
Suhbatdoshimiz O‘zbekistonda joriy yilda o‘tkazilgan Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha referendumga ham munosabat bildirib o‘tdi.
Unga ko‘ra, konstitutsiyaviy referendum O‘zbekiston xalqining siyosiy tafakkuri yuksalgani va prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlarni to‘la qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatdi.
Elchi muloqot yakunida O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan samimiy qutladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter