Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston sha’niga haqoratli gaplar aytgan rossiyalik jurnalist «qora ro‘yxat»ga kiritildi

Qozog‘iston sha’niga haqoratli gaplar aytgan rossiyalik jurnalist «qora ro‘yxat»ga kiritildi

Foto: KazTAG

Rossiya propagandasining yalovbardorlaridan sanalgan jurnalist Tigran Keosayan nomi Qozog‘iston vakolatli idoralari tomonidan «qora ro‘yxat»ga tirkaldi. KazTAGning o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, u terrorchilar bilan bir safda istalmagan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan.

«Terrorchilar va shu kabi kimsalardan iborat ro‘yxat aslida kattagina. Endilikda Keosayan ham shu safda. Uning nomi «qora ro‘yxat»ga kiritilgani haqida rasmiy darajada xabar berilmasa kerak. Vakolatli idoralar ro‘yxatga kiritilgan har bir qo‘poruvchi nomini dunyoga doston qilib o‘tirmaydi-ku», – deydi agentlik manbasi.

Ukraina urushini tish-tirnog‘i bilan himoya qilib kelayotgan Tigran Keosayan joriy yil aprel oyida YouTube kanalida Qozog‘iston sha’niga nomaqbul so‘zlar aytgan edi.

Qozog‘istonda 9 may paradi, Georgiy lentasi kabi Kreml propagandasining muhim unsurlariga munosabatdan qoniqmagan Keosayan rasmiy Nursultonga «Ukrainadagi vaziyatni diqqat bilan kuzating!» deya po‘pisa qilgan. Propagandachi jurnalist jazavali chiqishida boshqa postsovet respublikalariga ham tahdidomuz ogohlantirish bergan.

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Aybek Smadiyarov rossiyalik jurnalistning fikrlarini haqoratli va noxolis deb atagan.

Tahlilchilar propagandachi jurnalist ushbu chiqishi bilan Qozog‘istonni ham Ukraina urushiga tortishni ko‘zlaganini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi joriy yil 28 fevral kuni Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetiga tahdid soluvchi chiqishlari sabab Tigran Keosayanga nisbatan sanksiya joriy etgan. 25 mart kuni Avstraliya hukumati ham soxta ma’lumotlar tarqatayotgani va Ukraina bosqinini oqlashga urinayotani vajidan uni «qora ro‘yxat»ga kiritgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring