Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqamli hukumat markazi xalqaro mezonlardan muvaffaqiyatli o‘tdi

Raqamli hukumat markazi xalqaro mezonlardan muvaffaqiyatli o‘tdi

O‘zbekiston so‘nggi yillarda jadal sur’atlar bilan raqamli transformatsiya yo‘lidan bormoqda. Bu jarayon faqat yangi xizmatlar yoki elektron tizimlarni ishga tushirish bilan cheklanib qolmay, balki ularning shaffofligi va samaradorligini xalqaro mezonlar asosida baholashni ham talab qiladi.

Shu jihatdan, Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazida xalqaro auditning muvaffaqiyatli yakunlanishi va ISO standartlari sertifikatlarining uzaytirilishi muhim voqea bo‘ldi.

ISO9001:2015 va ISO37001:2016 kabi standartlarni joriy etish orqali tashkilot o‘z faoliyatini jahon talablariga moslashtiradi. Sifat menejmenti tizimi – xizmatlarni aholi va biznes ehtiyojlariga yaqinlashtirishga yordam bersa, korrupsiyaga qarshi menejment tizimi – davlat boshqaruvidagi eng katta muammolardan biri bo‘lgan shaffoflik masalasiga javob beradi.

Xalqaro mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan audit natijalari shuni ko‘rsatdiki, markazda korrupsiya xavfini kamaytirish, ichki nazoratni kuchaytirish va jarayonlarni optimallashtirish borasida aniq ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, bu tizim amalda ishlayotgani tasdiqlandi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) millionlab insonlarning hayotini yengillashtirmoqda. Portal orqali yuzlab xizmatlardan onlayn foydalanish mumkin. Agar ilgari biror ma’lumotnoma olish uchun kun davomida idora ostonasiga qatnagan bo‘lsak, hozir bu jarayon bir necha daqiqada hal bo‘lmoqda. Bu markaz faoliyatining yuqori samaradorligini ko‘rsatadi.

Xalqaro sertifikatlar muddatining uzaytirilishi esa xalqimizning davlat xizmatlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi. Qolaversa, mamlakatimizning tashqi imiji uchun ham katta ahamiyatga ega. Chunki xorijiy investorlar uchun shaffof va xalqaro standartlarga javob beradigan tizim – ishonchli muhit hisoblanadi. Demak, markazning bu yutug‘i raqamli iqtisodiyotga investitsiyalar oqimini kengaytirishga ham xizmat qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring