«Rasmga ol, rasmga!!!»
Bugun telegrammda bir videorolik ko‘rdim. Bir erkak xotinini xiyonat ustida tutib oldi. To‘g‘ri, bu judayam yomon holat. Ammo meni hayratlantirgani o‘sha erning qilig‘i, ya’ni suratga olgani bo‘ldi.
Yanayam taajjublanarlisi xotinini jazmani bilan ushlash uchun butun boshli jamoa bilan boribdi. Video oladigan operatori bor, izoh berib turadigan «boshlovchisi» bor. Yana kimlardir o‘ralashib yuribdi. Kim yomon ko‘rsa ko‘rsin, men o‘sha kelinni, ayolni yonini olgim keldi. Bunday pastkash, mayda, o‘zini «erkakman» deb yurgan o‘shanga buyam kam.
Erkak xotini va o‘sha o‘ynashni «jazolash»ning antiqa, ojiz usulini tanlagan – jazmanni ushlab, kimgadir «Rasmga ol», «Videoga ol!» deb baqiryapti. Narigi operator bo‘lmish «erkak» ham «mana olyapman!» deb bo‘kiryapti. Ey erkak bo‘lmay, har balo bo‘llaring! Bu bilan nimaga erishyapsan degani odam yo‘q! Axir faqat ayolningmas, o‘sha erning ham sha’ni bulg‘anyapti-ku! Odamlar qo‘lini bigiz qilib, «Anovi xotinini begona erkak bilan ushlab olgan! Bekorga bo‘lmasa kerak, xotini qo‘rqmasdan begona erkakni uyiga olib kelgan!» – deb gapirishadi. Ya’ni butun ma’lomat o‘sha erkakka tegadiku. Erkakning ori ham, hamiyati ham, g‘ururi ham yo‘q ekan. Agar shu fazilatlar bo‘lganda, yuqorida aytganimdek xotin bilan ajrashadi, jazman bilan esa alohida gaplashib qo‘yardi. Videoga olib, ommaga tarqatib nimaga erishdi, o‘zini sharmanda qildi, xolos!
Negadir keyingi paytlarda shunaqa havaskor «kinos’yomkachilar» – qo‘shnisi bilan urishsayam, er-xotin urishsayam, ko‘chada nimadir bo‘lsayam «Videoga ol! Rasmga ol!» deb baqiradiganlar ko‘payib ketdi. Ular yosh bo‘lsayam bir navi. «Hali yoshda, qiziqqonda, tushunmaydi!», deysan. Lekin aksari kap-katta odamlar! Shunaqa «Rasmga ol!» deya baqiradigan videolar bizning millatimizda rosa ko‘paygandan ko‘payyaptida. Boshqa millatlarda bunaqa videolarni deyarli ko‘rmaysan. Janjal, xiyonat kabilar bo‘lishi mumkin, lekin ular yashirincha olingan yoki video qahramonlari tasvirga olinayotganidan bexabar bo‘ladi. Shuning uchun ularda «Rasmga ol!» deb baqirishlar yo‘q.
Ishqilib, tarbiyamiz na u yoqlik, na bu yoqlik bo‘lyapti. Arosatda yashayapmiz. Shu o‘rinda bir rivoyat esga tushdi.
Bir yigit xotini bilan ajrashmoqchi bo‘lib, qoziga boribdi. «Xotiningning nima aybi bor?»deb so‘rashibdi. «U mening xotinim. Uning aybini begonalar bilishini istamayman», – debdi yigit. Xotini bilan ajrashibdi. Yana yigitdan so‘rashibdi: «Sobiq xotiningni nima aybi bor edi?» Yigit javob beribdi: «U ayol menga begona. Begona odamning aybini aytib, g‘iybat qilishni istamayman»…
Shuhratbek Samo facebook sahifasidan olindi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter