Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ravshan Ermatov velotrek o‘quv-mashg‘ulot markazini ko‘rdi. Taassurot yomon emas

Ravshan Ermatov velotrek o‘quv-mashg‘ulot markazini ko‘rdi. Taassurot yomon emas

Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov poytaxtimizdagi velotrek o‘quv-mashg‘ulotlar markaziga tashrif buyurdi.

Dastavval, Ravshan Sayfutdinovich velotrek o‘quv-mashg‘ulotlar markazining trenajyor zali va unga yondosh hududda sportchilarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Ayniqsa, sportchilarning jismoniy holatini yaxshilashga xizmat qiladigan trenajyor jihozlarini tanlashda ularning sifatiga ham alohida e’tibor qaratish lozimligi aytib o‘tildi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari velotrek maneji bilan ham tanishdi. Uzunligi 333 metr 33 santimetr bo‘lgan ushbu manej o‘lchamlari va sifati jihatidan xalqaro talablarga to‘liq javob beradi hamda sobiq Ittifoq respublikalaridagi uchta ana shunday maskandan (qolgan ikkitasi Moskva va Tallinda joylashgan) biri sanaladi.

Manejning shundoq yonginasida barpo etilgan ikki qavatli binoning yuqori qavati esa 21 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona hamda oshxonani o‘z ichiga olgan bo‘lib, bu yerda sportchilar bir vaqtning o‘zida qisqa muddatli o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etishi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan.

Binoning pastki qavatida esa Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi joylashgan. Shu yerda R.Ermatov maktab jamoasi bilan ham uchrashdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining tegishli buyrug‘i bilan ushbu dargohga direktor etib tayinlangan Azimjon Radjapovich Yusupov mehnat jamoasiga tanishtirildi.

Shundan so‘ng vazirning birinchi o‘rinbosari Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi mutaxassislari va trenerlari bilan yaqindan suhbatlashib, ularni qiynayotgan muammolar, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar borasida o‘zaro fikr almashdi.

Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi 16 ta yo‘nalishni birlashtirgan bo‘lib, ular orasida istiqboli porloq yo‘nalishlar ham talaygina. Ammo, maktabdagi mavjud 16 ta yo‘nalish bilan atigi to‘rt nafar metodist ishlab kelmoqda. Xo‘sh, 16 ta yo‘nalishga to‘rt nafar metodist yetarlimi, degan o‘rinli savol o‘rtaga tashlandi yig‘ilishda.

Shuningdek, mustaqil O‘zbekistonga Olimpiya o‘yinlaridagi dastlabki oltin medalni taqdim etgan fristayl yo‘nalishi ham Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga biriktirilgan bo‘lib, afsuski bugungi kunda afsonaviy Lina Cheryazovaning birorta ham izdoshi yetishib chiqmayapti.

Uchrashuvda qishki va murakkab texnik sport turlarini yurtimiz yoshlari orasida yana-da ommalashtirish, seleksiya ishlarini kuchaytirish, buning uchun esa mavjud infratuzilmani mustahkamlash borasida ham takliflar bildirildi.

O‘z navbatida Ravshan Ermatov Jismoniy tarbiya va sport vazirligi yurtimizda sportning qishki va murakkab texnik turlarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanligi, buning uchun vazirlik jamoasi qo‘lidan kelgan yordamini ayamasligini ta’kidladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring