Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ronaldudan ketma-ket yangi rekordlar

Ronaldudan ketma-ket yangi rekordlar

"Manchester Yunayted" hujumchisi Krishtianu Ronaldu YeChL guruh bosqichi 2-turida "Vilyarreal"ga qarshi o‘yinda 90+5-daqiqada g‘alaba golini kiritib, mankunianliklarga muhim 3 ochkoni olib berdi.

Ushbu o‘yin va gol Ronalduning YeChLdagi bir qator rekordlarni yangilashiga ham sababchi bo‘ldi. Quyida mazkur rekordlarni sanab o‘tamiz.

90-daqiqadan keyingi gol

Chempionlar ligasi musobaqasi doirasida 90-daqiqadan keyin urilgan gollar soni bo‘yicha rekord o‘zi Ronalduga tegishli edi. Kechagi gol bilan Krishtianu o‘z rekordini o‘zi yangilab, 12 taga yetkazdi. Eng yaqin ta’qibchisi Leo Messida 6 ta gol bor.

G‘alaba goli

YeChL doirasidagi o‘yinlarda g‘alaba keltirgan gollar soni bo‘yicha Ronaldu 41 ta gol urib, o‘zining bu rekordini yana o‘zi yangiladi. Undan keyin Leo Messi 38 ta gol bilan kelmoqda.

Eng ko‘p gol

YeChL doirasida eng ko‘p urilgan gollar rekordi ham Ronalduga tegishli edi. Kechagi goli bilan u bu raqamni 136 taga yetkazdi. Undan keyin Messi ("PSJ", 121 ta), Robert Levandovski ("Bavariya", 77 ta) va Karim Benzema ("Real" Madrid, 72 ta) bormoqda.

Eng kech urilgan g‘alaba goli

Ronalduning 90+5-daqiqada urgan g‘alabali gol "Manchester Yunayted"ning YeChLda eng kech urilgan g‘alaba goli rekordini yangiladi. Bundan oldingi rekord jamoaning hozirgi murabbiyi Ole Gunnar Sulsherga tegishli edi. 1999 yildagi YeChL finalining 90+3-daqiqasida urilgan goldan keyin bu rekord yangilanmay kelinayotgandi.

Ma’lumot uchun, Ronaldu 2007 yilda ham "Sporting" tarkibida aynan shu musobaqada 92-daqiqada g‘alaba golini kiritgan.

Eng ko‘p o‘yin

Avval xabar berganimizdek, Krishtianu Ronaldu YeChL tarixida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchiga ham aylandi. U shu paytgacha uchta jamoa tarkibida jami 178 marta maydonga tushdi.

Shu paytgacha bu rekord "Portu" darvozaboni Iker Kasilyasga tegishli edi. U "Real" va "Portu" safida jami 177 marta maydonga tushgan. Ulardan keyin 151 ta o‘yin bilan Xavi va Messi turibdi. Raul 142 marta, Rayan Giggz 141 marta maydonga tushgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring