Xakan Fidan: «Rossiya va Ukraina tinchlik muzokaralari orqali yangi imkoniyat eshigini ochmoqda»

Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar Istanbulda boshlanar ekan, Turkiya tashqi ishlar vaziri Xakan Fidan tomonlarni tinchlik sari chaqirdi. U o‘z chiqishida muzokaralarning qayta boshlanganini muhim tarixiy imkoniyat sifatida baholadi.
«Istanbulga xush kelibsizlar!» – deb so‘z boshlagan vazir, Ukraina va Rossiyaning tinchlik muzokaralariga tayyor ekanini olqishladi.
«Bugun bu yerda to‘planib, tinchlik sari intilish orqali qanday imkoniyatlar eshigi ochilishi mumkinligini ko‘rmoqdamiz. Prezident Putin va prezident Zelenskiyning tinchlik haqidagi chaqiriqlarini muhim deb bilamiz. Tomonlarning bevosita muzokaralarga tayyorligi yangi imkoniyatlarni yaratdi», – dedi u.
Fidanga ko‘ra, vaziyat oldida ikki yo‘l turibdi – tinchlikka olib boruvchi yo‘l va yanada ko‘proq vayronagarchilikka sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan yo‘l. Qaysi yo‘lni tanlash esa taraflarning o‘ziga bog‘liq.
«Janob prezidentimiz [Эрдўғон] urushni tugatish uchun doimiy harakatlar olib boryapti. Biz Rossiya delegatsiyasini Istanbulda qarshi olishdan mamnunmiz. Ikkala tarafni ham qabul qilayotganimizdan xursandmiz», – deya qo‘shimcha qildi u.
Turkiya TIV rahbari so‘zlariga ko‘ra, bu 2022 yil mart oyidan buyon Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘tayotgan ilk uchrashuv hisoblanadi. U har bir kechikkan kun yanada og‘ir oqibatlarga olib kelishini ta’kidladi.
– Urush davom etayotgan bir vaqtda olovni to‘xtatish zarur. Bu uchrashuv kelgusidagi yetakchilar darajasidagi muzokaralarga zamin yaratadi, – dedi u.
Xakan Fidan Turkiyaning tinchlik jarayonida faol qatnashishini va har doim tinchlik tarafdori bo‘lib qolishini bildirib, nutqini yakunladi:
«Biz bu muzokaralar orqali tinchlikka erishish mumkinligiga ishonamiz. Turkiya har doim tinchlik jarayonida sizning yonginagizda bo‘ladi. Istanbulga yana bir bor xush kelibsizlar!».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter