Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyada tarqalayotgan Gonkong grippi: alomatlari, xavfi va undan himoyalanish

Rossiyada tarqalayotgan Gonkong grippi: alomatlari, xavfi va undan himoyalanish

Rossiyada gripp va o‘tkir respirator virusli kasalliklar bilan kasallanish ko‘paymoqda. Bugungi kunda Rossiya bo‘ylab taxminan har yuz kishidan biri gripp bilan og‘rimoqda. Ayrim hududlarda bir hafta ichida bemorlar soni ikki baravarga yetgan.

Shifokorlar epidemiyaning eng yuqori nuqtasi hali oldinda ekanini aytmoqda.

Mutaxassislar joriy mavsumda asosiy shtamm sifatida gonkong grippi — A (H3N2) ustun kelayotganini ma’lum qildi. Bu virus tez rivojlanishi va og‘ir asoratlarga olib kelishi bilan xavfli hisoblanadi. Ayniqsa, homilador ayollar, bolalar, qariyalar va surunkali kasalliklari bor insonlar xavf guruhiga kiradi.

Gonkong grippi — bu o‘tkir virusli kasallik bo‘lib, asosan nafas yo‘llarini zararlaydi. U yuqori harorat, kuchli zaharlanish (intoksikatsiya), mushak va bosh og‘riqlari bilan kechadi. Ayrim hollarda ko‘ngil aynishi va hazm buzilishi ham kuzatiladi.

Bu shtamm ilk bor 1968-yilda Gonkongda aniqlangan va o‘sha paytda jahon bo‘ylab millionlab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan. Hozirgi kunda virus mutatsiyaga uchrab, mavsumiy gripp sifatida aylanib yuribdi, lekin shifokorlar ta’kidlashicha, hozirgi letallik darajasi (bemorlar orasida o‘lim holatlari) 1 foizdan oshmaydi.

Kasallik juda tez rivojlanishi bilan ajralib turadi. U kattalarda bir necha soat ichida, bolalarda esa 15–30 daqiqa ichida rivojlanishi mumkin.

Asosiy belgilari:

  • tana harorati 38–41 darajagacha ko‘tarilishi;
  • kuchli qaltiroq va holsizlik;
  • butun tananing qattiq og‘rishi;
  • kuchli bosh og‘rig‘i;
  • quruq va uzoq davom etuvchi yo‘tal;
  • tomoq og‘rig‘i, burun oqishi;
  • ayrim hollarda qusish va ich ketishi.

Shifokorlar odam ko‘p joylarda tibbiy niqob taqib yurish, qo‘lni tez-tez yuvish, xonalarni shamollatib turish hamda kasallik alomatlari paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilishni tavsiya qilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring