Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyada mansabdor derazadan qulab halok bo‘ldi

Rossiyada mansabdor derazadan qulab halok bo‘ldi

Foto: Haqqin.az

Rossiyaning «Transneft» kompaniyasi vitse-prezidenti Andrey Badalov bugun ertalab Moskvaning Rublyov ko‘chasida joylashgan kvartirasi derazasidan pastga qulab halok bo‘ldi. Bu haqda Rossiya OAVlari yozmoqda.

2022-yil boshidan buyon Rossiyada neft-gaz kompaniyalari yuqori mansabli amaldorlari o‘rtasida o‘z joniga qasd qilishlar va sirli o‘limlar ko‘paydi.

«Lukoyl»ning to‘rt top-menejeri vafot etgan:

Aleksandr Subbotin (2022-yil may oyi) — sobiq vitse-prezident. Uyining yerto‘lasida o‘ligi topilgan. Rasmiy sabab — o‘tkir yurak yetishmovchiligi.

Ravil Maganov (2022-yil 1-sentyabr) — «Lukoyl» direktorlar kengashining 67 yoshli raisi. Moskvadagi klinik shifoxona 6-qavatidan tushib ketgan. Rasmiy sabab — «og‘ir kasallikdan keyingi o‘lim».

Vladimir Nekrasov (2023-yil 24-oktyabr) — «Lukoyl» direktorlar kengashining 66 yoshli raisi, Maganovning o‘rniga qo‘yilgan. O‘z uyida o‘tkir yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.

Vitaliy Robertus (2024-yil 13-mart) — kompaniyaning 54 yoshli vitse-prezidenti. Moskva shahrida, o‘z kabinetida osilgan holatda topilgan. O‘limidan oldin bosh og‘riqlaridan shikoyat qilib kelgan.

«Gazprom» va bog‘liq tuzilmalarning vafot etgan mansabdorlari:

Leonid Shulman (2022-yil 30-yanvar) — 60 yosh, «Gazprom invest» transport xizmati rahbari. Leningrad oblastidagi o‘z kottejida vannada o‘lik holda topilgan. O‘limi oldidan qoldirgan xatida singan oyog‘idagi og‘riqlar haqida gap boradi.

Aleksandr Tyulyakov (2022-yil 25-fevral) — 61 yosh, kompaniya yagona hisob-kitob markazi bosh direktorining o‘rinbosari. Leninskiy posyolkasidagi garajda osilgan holda topilgan. Avvalroq uni kuchli do‘pposlangan holda ko‘rishgan.

Vladislav Avayev (2022-yil 18-aprel) — 51 yosh, «Gazprombank» sobiq vitse-prezidenti. Moskvadagi kvartirasida xotini va qizi bilan birgalikda o‘lik holda topilgan. Tergov talqiniga ko‘ra, oilasini avval o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qilgan.

Yuriy Voronov (2022-yil 5-iyul) — 61 yosh, «Astra Shipping» transport kompaniyasii («Gazprom» pudratchisi) bosh direktori. Kottej posyolkasidagi basseynda o‘lik holda topilgan, boshida o‘t ochar quroldan qolgan jarohat izi bor.

Nikolay Petrunin (2022-yil 12-oktyabr) — gaz sohasi sobiq top-menejeri, deputat. Og‘ir xastalikdan vafot etgan, bungacha COVID-19 bilan og‘rigan.

Shuningdek, boshqa energetika kompaniyalarida yuqori lavozimlarda ishlagan Sergey Protosenya, Igor Shkurko, Vyacheslav Rovneyko,  Mixail Rogachyov kabilar shu davrda vafot etgan bo‘lib, ko‘plarining o‘limi jumboqligicha qolmoqda.

G‘arb matbuoti bu holatlarni «favqulodda rus o‘limi sindromi», deb atashni boshladi. Halok bo‘lganlarning aksariyati Rossiyaning yirik energetika kompaniyalari moliyaviy tuzilmalari bilan aloqador odamlar bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring