Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyadagi qamoqxona xodimlarini garovga olganlar orasida ikki o‘zbekistonlik borligi aytilmoqda

Rossiyadagi qamoqxona xodimlarini garovga olganlar orasida ikki o‘zbekistonlik borligi aytilmoqda

23 avgust kuni Rossiyaning Volgograd viloyati Surovikino shahridagi IK-19 sonli qamoqxonada mahkumlarning isyoni ro‘y bergani haqida xabar bergan edik.

Rossiya Federal Jazoni ijro etish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rt nafar mahkum qamoqxonaning sakkiz nafar xodimi va yana to‘rt nafar boshqa mahkumni garovga olgan.

Maxsus kuchlarning operatsiyasida garovga olgan to‘rt mahkum o‘ldirilgan.

Ushbu hodisa oqibatida Rossiya Federal Jazoni ijro etish xizmatining 4 xodimi halok bo‘lgan, yana to‘rt nafari jarohatlangan. Mahkumlar orasida ham jarohatlanganlar bor.

Rossiyaning ayrim nashrlari xodimlarni garovga olgan mahkumlar «Islom davlati» terrorchi tashkilotiga aloqadorligi haqidagi farazni ilgari surdi.

«Kommersant’» gazetasi taxminiga ko‘ra, axloq tuzatish koloniyasi xodimlarini garovga olgan va maxsus amaliyot davomida o‘ldirilgan to‘rt mahkum O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolaridir.

O‘zbekiston fuqarosi ekani aytilayotgan 29 yoshli Ramzindin Toshev giyohvandlik moddalari savdosida ayblanib, 8 yillik ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan edi.

2019 yilda o‘ta og‘ir jarohat yetkazish aybi bilan qamalgan 29 yoshli Temur Xusinov ham O‘zbekiston fuqarosi ekani xabar qilingan.

Narkotik oldi-sotdisida ayblangan 28 yoshli Nazirjon Toshov va 23 yoshli Rustamjon Navruziy Tojikiston fuqarolari ekani aytilmoqda.

BBC o‘zbek xizmati garovga olishda qatnashgan va pirovardida o‘ldirilgani taxmin qilinayotgan O‘zbekiston fuqarosi Temur Xusinovning oila a’zolari bilan suhbatlashgan. Yaqinlari T.Xusinovning garov hodisasida ishtirok etganiga shubha bildirgan.

«Biz Rossiya matbuoti ukam to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatyapti deb ishonamiz. Bu hodisa payti olingan bironta video yo fotoda Temur ko‘rinmagan. Temur bilan hali yaqinda telefonda gaplashgandim, u ikki oydan keyin chiqishini orziqib kutayotgandi. Aka, so‘yishga qo‘yni tayyorlab qo‘yinglar, degandi. U umuman unday radikal guruhlarga aralashadigan bola emas, bizning oilamizda aslo unday unsurlar yo‘q. Men unga tinch yur, yaqinda ko‘rishamiz, degandim», – degan T.Xusinovning akasi Amirbek.

Xorazm viloyatining Shovot shahrida tug‘ilib o‘sgan Temurning oila a’zolari BBC’ga aytishicha, koloniyada markaziy osiyolik mahkumlarga Rossiyaning Ukrainadagi urushiga qo‘shilish borasida bosim o‘tkazib kelingan. Olti oy avval Temur o‘z oilasiga uni ham qamoq ma’muriyati urushga qo‘shilishga undayotgani, lekin u rad javobini berganini aytgan.

Garov hodisasi ortidan o‘ldirilgan mahkumlar O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari ekani vakolatli idoralar tomonidan tasdiqlamagan. Hozircha na Rossiya hukumati, na O‘zbekiston elchixonasi bu borada rasmiy ma’lumot berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring