Rossiyalik deputat yana kurakda turmaydigan da’vo bilan chiqdi
Rossiya Davlat dumasi deputati, iqtidordagi «Yedinaya Rossiya» partiyasi Markaziy kengashi a’zosi Yevgeniy Fyodorov sobiq Ittifoq davlatlari suverenitetini shubha ostiga oldi.
Uning da’vosiga ko‘ra, SSSR respublikalarining har biri Ittifoq tarkibidan noqonuniy ravishda chiqqan va shu sababli ertami-kechmi Rossiya bilan qurolli ziddiyatga boradi.
«Barcha sobiq (Ittifoq) respublikalari ertami-kech Rossiya bilan ixtilofga boradi yoki urushadi. Ularning ayrimlari, masalan, Belarus hozir bunday yo‘l tutmaydi. Gruziya allaqachon urushgan. Ukraina (urushmoqda). Bu fikr Armanistonga ham to‘liq taalluqlidir», – deydi Ye.Fyodorov.
Siyosatchi respublikalar diplomatik yo‘l bilan qaytarilsa, harbiy to‘qnashuvlarning oldi olinishini aytgan.
Ye.Fyodorov avval ham sobiq Ittifoq davlatlarining suverenitetiga tahdid soluvchi bayonotlar bergan.
2020 yil dekabr oyida u hamkasbi, Rossiya Davlat dumasining ilm-fan va ta’lim qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonovning bahsli fikrini qo‘llab-quvvatlab, Qozog‘iston Sovet Ittifoqiga tegishli hududlarga noqonuniy ravishda egalik qilayotganini da’vo qilgan, mamlakat rahbariyatidan Olmaota shahrini Rossiyaga qaytarishni talab qilgan edi.
2020 yil iyun oyida prezident Vladimir Putin ham SSSR tarkibida bo‘lgan respublikalar Ittifoq tarkibidan chiqish payti o‘zi bilan Rossiyaga tegishli ulkan hududlarni olib chiqib ketgani haqida nizoli fikrni ilgari surgandi.
60 yoshli Yevgeniy Fyodorov salkam 30 yildan beri Rossiya parlamenti quyi va yuqori palatalarida faoliyat yuritib keladi. Ukrainaga bosqinni ochiq va davomli qo‘llab-quvvatlagani sababli AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Yaponiya, Avstraliya va Yevropa Ittifoqi unga nisbatan sanksiya joriy qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter