Rossiyalik milliarderlar yangi rekord o‘rnatishdi

Bloomberg Billionaires Index (BBI) ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan beri rossiyalik milliarderlarning boyligi $36 mlrd.ga ko‘paydi.
«Bloomberg» milliarderlar indeksi — dunyo boylarining har kunlik reytingi.
2-avgust holatiga ko‘ra, reytingga yigirmadan ortiq rossiyalik boylar kiritilgan. Boz ustiga, so‘nggi yetti oy ichida eng boy kishilar plyus bilan chiqishdi.
Birinchi o‘rinda — Leonid Mixelson («Novatek» va SIBUR). 1-yanvardan Mixelson 5,4 mlrd.ga boyidi — dollarda, albatta. Hozir u taxminan 25 mlrd.ga egalik qiladi. «Bloomberg» reytingida 36-pog‘onani zabt etgan.
Albatta, dunyoda unga qaraganda boyroq kishilar ham bor. Geyts va Sukerberglar shular jumlasidan. Lekin Mixelson Elon Maskni quvib o‘tdi.
Vladimir Potanin («Interros», «Nornikel») esa Elondan sal ortda qoldi. Elon 40-o‘rinda, Potanin — 42. Biroq uning quvib o‘tishiga hech kim shubha qilmaydi. Uning ulkan potensiali bor, ustiga-ustak — yetti oyda 3 mlrd. jamg‘ardi. Mask esa, aksincha, 1,3 mlrd.ga kambag‘allashdi.
Vladimir Lisin — («Universal Cargo Logistics Holding» va NLMK) — «Bloomberg» reytingida 45-o‘rinda. U ham 3 mlrd.ga boyib oldi.
Aleksey Mordashov, 52-o‘rinda, u ham po‘lat «shaydosi». So‘nggi oylarda 1,8 mlrd orttirdi.
Yana Vagit Alekperov – 2,3 mlrd, Gennadiy Timchenko — 3,68 mlrd, Alisher Usmonov esa 2,69 mlrd.ga ega bo‘ldi.
Rossiyalik eng davlatmand kishilar oxirgi yetti oy ichida jami 36 mlrd dollarga boyishdi. Buni rublga aylantirsak — 2,34 trln rubl degani.
2,34 trln rubl — bu 2018 yilgi Moskva viloyati budjetining qariyb to‘rttasi demak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter