Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«S» harfi mojarosi (hajviya)

«S» harfi mojarosi (hajviya)

Foto:«123rf.com»

Sohil bo‘yidagi shinam restoran har kuni odamlar bilan gavjum bo‘lardi. Har xil odamlar, yoshu qari, sevishganlaru, oilaviy tashriflar, tag‘in hammasi juda po‘rim kiyinishgan, toparman, tutarman, intelligent odamlar. Bu esa, tabiiyki, restoran egasiga yaxshigina mo‘may daromad keltirib turardi.

Har kuni restoran xo‘jayini o‘z kabinetida daromadlarni mamnuniyat bilan sanab olardi. Bir kuni, kutilmagan holat ro‘y berdi. Ertalabdan-kechgacha bu restoranning katta zaliyu, kichik bo‘lmalari, hovlidagi o‘rinlar, hammasi bo‘m-bo‘sh qoldi. Hech kim tashrif buyurmadi. Xo‘jayinning tepa sochi tikka bo‘lib, ish boshqaruvchini chorladi.

– Bu nima gap axir, bu qanaqasi deyapman?! Nega hech kim kelmayapti? Nima, raqobatchilar ro‘paramizdan yanayam chiroyli, yanayam elitniy restoran qurishdimi, a?

– Yo‘q, xo‘jayin.

– Yoki SESchilar mikrob topishdimi?

– Yo‘q, xo‘jayin.

– Nima, yuqoridagi «oka»larimizga biron gap bo‘ptimi?

– Yo‘q, xo‘jayin.

– Unda muammo nimada, jin ursin?

– Kechasi bezorilar restoran nomini bildiruvchi bo‘rtma yozuvning birinchi harfini yulib ketishibdi...

– Birinchi harfmi, oxirgisimi, nima farqi bor?

– Axir bizning mijozlarimizning barisi intellegent, madaniyatli odamlardan iborat-ku...

– Xo‘sh?..

– Restoranimiz nomini o‘zingiz yaxshi bilasiz-ku...

– Ha, bilaman, restoranimiz «So‘lim» deb nomlanadi... Yaxshi nom.

– Shu-da, birinchi harfi bo‘lmasa-chi? Unda nima bo‘ladi?

Xo‘jayin bir muddat o‘ylanib, qoldi. Birozdan so‘ng bosh harfi bo‘lmasa restoran nomi qanday yoqimsiz so‘zga aylanib qolishini anglashgu urindi, shekilli, sekin lablari pichirlay boshladi.

«So‘lim», «S» bo‘lmasa, «o‘lim»... Yo tavba, yo tavba, astag‘furulloh... Bilmayman, galvars, bilmayman, biron narsa o‘ylab top, bir chorasini qil, axir. Xonavayron bo‘lmaylik.

– Allaqachon ishga kirishganman, dedi biroz xotirjam ish boshqaruvchi. – Restoranimizni bezatgan firma bilan bog‘landim. Shu harfni tayyorlashga kirishdilar. Bir haftada tayyor bo‘larkan.

– Bir hafta? Ey, nimalar deyapsan... Ikki soat! Tushundingmi, uzog‘i bilan ikki soat ichida harf joyida bo‘lsin! Aks holda seni naq, restoranimizning hozirgi, bosh harfsiz nomi kutadi, tushundingmi?

Ish boshqaruvchi ham pishiqqina, uddaburon yigit ekan, ko‘chaga chiqib, bir soat ichida hansiragancha kattakon, bo‘rtma qilib ishlangan «S» harfi bilan qaytib keldi.

– Mana, xo‘jayin, xotirjam bo‘ling. O‘n daqiqada shuni joyiga o‘rnatamiz, hammasi yaxshi bo‘ladi.

– Qoyil. Senga ishonardim. Bu harfni qayerdan topa qolding?

– Narigi ko‘cha boshidagi «Sayyor» restoranida banket bo‘layotgan ekan. Hamma chalg‘ib turganda o‘sha restoranning bosh harfini sekin yechib oldim... Qarang, xuddi biznikidaqa «S» ishlangan ekan. Raqobatchi-da bizga ular ham...

– Yaxshi-yaxshi, bora qol. Tezroq o‘rnat. Hmm, yaxshi-yaxshi... Nima deding? «Sayyor» restorani dedingmi? Bosh harfi bo‘lmasa, nima bo‘ladi shunda?.. «Ay-yor» restorani!.. Xax-xax-xa-xa!..

Quvondiq Sidiqov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring