Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sabohat Rahmon: «Ayolning tashvishi tugamaydi demang, tugaydi qachonki...»

Sabohat Rahmon: «Ayolning tashvishi tugamaydi demang, tugaydi qachonki...»

foto: Xabar. uz

Jurnalist Sabohat Rahmon anchadan beri ayollar mavzusini yoritadi. Nafaqat yozadi, balki xotin-qizlar bilan bog‘liq turli loyihalarda bevosita ishtirok etadi. Niyati qo‘lidan kelgancha yurtimiz ayollariga yordam berish, ularning mushkulini oson qilish, yutuqlarini yuzaga chiqarish...

Yana ikki nafar farzandiga buyuk sevgisining o‘lchovi yo‘q. Ikki farzandi ham Germaniyada yashaydi. Uning boshqalardan ajrab turadigan jihati odamlar nima deydi, degan qolipga sig‘masligi. Uning shiori shunday: «Ortga kamdan-kam qarayman, bugun bilan yashayman va ertadan umidlarimni uzmayman. Har kuni insonlarni shunchaki bo‘lsa-da, biror xislati uchun esa-da sevishga harakat qilaman». Til o‘rganishni yaxshi ko‘radi. Rus, nemis va turk tillarida tarjimalar qiladi. 15 yil Andijonda televideniye sohasida ishlagan. «Ko‘pbolali oilada katta bo‘lganman. Aytishadi-ku, «pul nimaligini bilmasdan katta bo‘lgan avlod». Men ham uning vakillaridan biriman. Hech qachon pulga o‘ch bo‘lmaganman, men uchun insonlarning qalbi puldan yuksak», deydi u suhbatimiz boshida. 

– Biror loyihaga qo‘l urishdan oldin o‘sha mavzu chuqur o‘rganiladi. Sizning-cha yurtimizda ayollar muammolari aytilayotganidan ham ko‘proqmi yoki aksincha? Nima uchun gender tenglikka ko‘p urg‘u berilayapti?

 – Gender tengligi bo‘yicha BMT, USAID ACTED kabi bir qancha xalqaro tashkilotlar tomonidan tashkil qilingan seminarlar orqali bilganlarimni yanada teranroq angladim. Chunki yurtimiz mustaqilligidan keyingi yillar davomida bu mavzuda obdon yozganmiz. Faqat «gender» terminini ishlatmasdik. Bu mavzu bizning «og‘riqli nuqta»miz. Bugungi muammolarning barchasi eski «gazak olgan yaralar» oqibatidir. Men yurtimdagi og‘ir sharoitda yashayotgan aholining 40 foizini tashkil qiladigan ayollari haqida gapirayapman. Yurtimizda haminqadar o‘zgarishlar qilishga harakat bo‘lsada bolalarning otalarini Rossiya, Qozog‘istondan, onalarini Turkiya, Dubaydan qaytarib olib kelolmayapmiz. Mustaqillik arafasida, yodingizda bo‘lsa, o‘ziga o‘t qo‘ygan ayollar ko‘payib ketgandi. U yong‘inlar chorasizlik, qullik, xaqsizlikka qarshi bir isyon edi. U ayollar o‘lsa ham birovning yurtiga borib xizmatkorlik qilmagan bo‘lardi. Ular o‘zbekning g‘ururli ayollari edi. Eri va uning bir suruv urug‘iga bosh egdi, ammo vijdoniga arzitmadi bu qullikni.  Hozir-chi? Nima o‘zgardi? Bugun biz gender tengligi haqida gaplashyapmiz. Ammo, keling, birinchi galda ayolning ancha quyidagi teng huquqlarini bir oz yuqoriga chiqaraylik va undan so‘ngra erkak-ayol tengligidan bahs etaylik.

– Ayollar muammolari bilan bog‘liq loyihalar orqali siz anglab yetgan haqiqatlar...

– Ilk bora xalqaro tashkilotlarning biridan grant yutdim: «Men uy zo‘ravonligiga qarshiman!» mavzusida. Aynan o‘sha loyiha mening hayotimni o‘zgartirib yubordi – menga maqsadimni anglatdi. Bundan so‘ng chorasiz qolgan ayollar haqida nafaqat yozish, shuningdek, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish va tirgak bo‘lish g‘oyasi keldi o‘z-o‘zidan. Ishonasizmi, o‘sha grant pullarining deyarli barchasini qahramonlarimga sarfladim. Buni ilk marotaba sizga ochiqlayapman. Ammo bu ayollarning xursandchiligi, arzimas narsaga baxtli bo‘layotgani menga har safar huzur berardi.. Men hanuzgacha u ayollar bilan xabarlashib turaman – dardlashishadi, puli yo‘q bo‘lsa menga aytishadi, yig‘lashadi, kulishadi. Men esa bu ishonchga sazovor bo‘lganimdan baxtliman.

– Qishloq ayoli va zo‘ravonlikka uchrab imkonsiz qolgan ayollar haqida videoroliklaringiz haqida to‘xtalsangiz. Ular nima uchun shu qadar chorasizdek...

 – Ayollar haqida judayam ko‘plab videolavhalar tayyorladim, Yutub kanalim, ayollar.uz saytim va boshqa platformalarda ulashdim. Ularning barchasi ayollar haqida. Men bu jamiyat ayolni AYoL bo‘lgani uchun qadrlashini, ulug‘lashini xohlayman. Eng buyuk istagim bu. Hozirda Turkiyadaman. Bir kuni Istanbuldagi davlat tashkilotidan xunobim oshib chiqib keldim. Yo‘lda ketayapman. Ko‘cha to‘la odam. Ro‘paramda kelayotgan bir kishi qo‘lidagi katta sumkani yonimga kelganda tushirib yubordi, unda turli temir-tersak bor edi. Ulardan birining uchi qo‘limga tegdi va men kutilmagan og‘riqdan baqirib yubordim. Ishonasizmi, soniyalar ichida uch nafar yosh yigitlar yugurib kelib, boyagi temir-tersakni tushurib yuborgan erkakni «Xonim-afandiga nima qilyapsan?», deya turta boshlashdi. Men ularni tanimayman, ular ham meni. Bu yerlik emasligim ko‘rinib turibdi, ammo bu mamlakatda «hech bir ayolga qo‘pollik qilinmaydi», degan yozilmagan qonun borligini bildim o‘sha kuni va orzu qildim bizning O‘zbekistonda ham o‘zbek ayollari shunday himoyada bo‘lishlarini.

 – Turkiyada yashayotgan o‘zbek ayollari hayotini o‘rganmoqchiman degandingiz...

– Men Turkiyaga yashash uchun keldim. Albatta, g‘oyalarim bor edi. Biror xalqaro tashkilotdan grant olaman dedim, afsus, bu istagim amalga oshmadi. Shunda ham ularni amalga oshirishga harakat qilyapman. Ko‘cha-ko‘yda, transportlarda, xullas, qayerga borsangiz o‘zbekistonlik bor. Ba’zan tramvayda keta turib «xoy Halima-yu, o‘shattamisan? Bekzod sen bilanmi? Turaver, tushishdan oldin aytaman», degan baland ovozni eshitib qolaman va ishonasizmi, o‘sha kuni bu sodda ifoda ta’sirida yuraman. Bu yerdagi o‘zbeklar O‘zbekistondagi ayollardan bir oz farqli. Shunga e’tibor berdim. Ya’ni sharoit, munosabat ularni o‘zgartirib yuborgan (ba’zilari hatto ko‘cha-ko‘yda o‘zbekcha gaplashishga uyalishadi. Chunki ko‘pchilik mahalliy aholining o‘zbeklarga nisbatan qarashlarini yaxshi bilishadi. Bir oz ayyorlashgandek.) Hozircha «Turkiyadagi o‘zbeklar» ruknida kichik hikoyalar yozayapman. Bu yerda yashayotgan bir o‘zbek ayoli timsolida hujjatli film olish maqsadim bor (bu borada tajribam bor, hamkorlikda «Qrim karvoni» hujjatli filmni suratga olganmiz), hozircha hamkorim yo‘q, ammo bu rejamni albatta amalga oshiraman. Bir nechta videolavhalar oldim, montaji turibdi. Bir oydan oshdi kelganimga, haliyam atrofni kuzatyapman.

Ayollar bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirishda hukumat bilan ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni qancha ballga baholagan bo‘lardingiz?

 – Ayollar mavzusi – og‘ir. Men o‘tgan yili aynan shu mavzu bo‘yicha Internews xalqaro tashkilotining tajriba almashish dasturida qatnashib, bir oyga yaqin Qozog‘istonda bo‘lib qaytdim. Ularning qonunlarini, davlat miqyosida amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlarini o‘rgandim. Bir mahallada yashovchi turli din vakillari bir-birlarining diniy marosimlarida ishtirok etayotgani, og‘a-ini kabi  to‘y-marakalarda yonma-yon turganiga guvoh bo‘ldim. Ayollar uchun o‘nlab ijtimoiy loyihalar «hey» degan ayol uchun «labbay» deb yordamga shay turibdi. Fuqarolar o‘z muammolari bilan hokimiyat eshigini poylagani yo‘q, joyida hal qilinyapti. Jurnalistlar shaharlarda kamdan-kam sodir bo‘ladigan zo‘ravonlik haqida buyuk sensatsiya kabi bong urishadi.

O‘zbekistonda bunday tizim yo‘q. Ayollar himoyasiz qolganday. Menga  nodavlat tashkilotlarning yordamlari ko‘proqday tuyuladi, ya’ni shelterlarni nazarda tutayapman. Avvalo, ta’lim tizimini isloh qilish kerak. Millatimiz qizlari tarbiyaga, ko‘pchilik onalar o‘qitishga muhtoj.  Onalarning o‘z bolasiga o‘rgatadigan bilimi, hayotiy tajribasi, xunari yo‘q. O‘z-o‘ziga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatolmaydigan ona qanday qilib qiziga hayotni anglatsin? Bu jamiyat – qachonki QIZ, ONA, AYoL ulug‘lansa, ularning ma’naviy yetuk bo‘lishlari uchun shart-sharoit yaratilsagina rivojlanadi. Kichik-kichik fondlar tashkil qilish, bu fondlarga yurtda boyib, pullarini chetga tashiyotgan ishbilarmonlarni majburan bo‘lsa-da biriktirish kerak, savob uchun ham ishlasinlar axir!  Ayollarga ish berish kerak, ish bo‘lmasa o‘z ishini boshlashi uchun pul berish va shu bilan to‘xtab qolmasdan ma’lum muddatga qadar ularga madad ham darkor.  Hal etilishi kerak bo‘lgan yana bir mavzu: oila qurayotganlar o‘rtasida nikoh shartnomasini imzolashni yo‘lga qo‘yish kerak. Marhamat qilib, har ikki tomon oldindan huquqlarini anglasin, mabodo ajrashsa, kimga uy, kimga mashina tegadi, kim kimga pul yoki nafaqa beradi – bular majburiy shart sifatida ilova qilinsin. Shunda hech bir ayol, farzand ko‘chada qolmaydi va bolasini boqish uchun ayol begona o‘lkalarda xizmatkorlik qilmaydi, bolalari begonalar qo‘lida qolmaydi va er «yallo» qilib, qayta-qayta uylanolmaydi.

Bilasizmi, hukumatimizning ayollar bilan ishlash tizimida xotin-qizlarni his qilmaydigan ayollar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Bunga juda ko‘p guvoh bo‘ldim. Ayollarga chindan yordam beradigan malakali, sabrli, ayolni TINGLAYDIGAN, uning tashvishi, dardiga yechim topishda yordamlashadigan xodimlar lozim. Ayolning tashvishi tugamaydi demang! Bu – xato! Men Qozog‘istonda o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim ayollarning muammolari bitganini.. Bizda ham shunday bo‘ladi... agar ularni tinglasalar, yordam qo‘lini cho‘zsalar.O‘tgan yilning aprel oyida O‘zbekistonda xotin-qizlarni zulm va zo‘ravonlikdan himoyalovchi qonun kuchga kirdi. Bundan tashqari, ayollar uchun bir qator imtiyozlar taqdim etildi. Bular ajoyib, albatta. Ammo amalda ular ishlayaptimi? Sizga bir misol aytayin: bu imtiyozlar orasida «og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar beriladi» deyilgan. Sharoiti o‘ta og‘ir andijonlik bir ayol uchun shu imtiyozni so‘rab, tumandagi mas’ul idora rahbariga murojaat qildim. Tilidan zahar tomadi. Xuddi bu imtiyozli uylar unga tegishlidek muomala qiladi. Men unga vaziyatni tushuntirdim, ayol qishloqdagi sharoiti og‘ir uch ayolning biri ekanini tasdiqlovchi ma’lumotnomalar bor edi qo‘limda. Rahbar ayol bu uy uchun otning kallasidek narx aytdi. E’tiroz bildirdim. Ayol esa: «Qurbi yetmasa olmasin, jonga tegib ketishdi. Yaxshisi bu uylarni boshlang‘ich narxni to‘lay oladiganlarga beraman!» Men: «Siz bunday qilolmaysiz! Chunki bu uylar imtiyozlidir!» – dedim. Rahbar ayol bo‘lsa: «Menga kim xalaqit beradi? Siz-mi? Qayerga borsangiz boring»,  – dedi va ochiqdan-ochiq ustimdan kuldi. Albatta, bu voqeaning davomi bor, ammo mavzu bu emas. Aytmoqchi bo‘lganim, mahalliy hokimiyat vakillarining ko‘pchiligi ayollarni his qilmaydigan xodimlar. «Shunday qonun bor», desangiz, «yo‘q, hali kuchga kirmadi, bo‘lsa biz bilardik, yuqoridan aytishgan bo‘lardi», deb turib olishadi. Shuning uchun qishloqlardagi muammolarning aksariyati yechimsiz qolmoqda. Fuqarolar davlatga yalinishdan ko‘ra, qiynalsa ham boshqa yurtda ishlab tirikchilik qilishni afzal ko‘rmoqda.

– Qishloq joylarda ayniqsa ayollar qizlarini ertaroq uzatish tashvishiga tushib qolishadi,  bunga misol: yaqinda 7-sinf o‘quvchisining unashtiruvi orqali ham kuzatdik...

– Menimcha, ayollarning dunyoqarashini hech kim o‘zgartira olmaydi. Toki ayol o‘zi buni istamagunicha. Agar biz hozirdan boshlab, yoshlarimizning tarbiyasini qo‘limizga olsak, qizlarga «kelin bo‘lasan», deb emas, «inson bo‘lasan», deya uqtirsak, ularga yemay-ichmay tillo taqinchoqlar emas, kitoblar sotib olishni boshlasak biror natijaga erishamiz. Bundan ham avval o‘zimiz bularga amal qilsak yaxshi bo‘lardi. O‘g‘illarimiz masalasiga kelsak, ularga tillo so‘rg‘ich so‘rdirib, «nasl davomchisi» ko‘zi bilan qaramay, onasi, opa-singlisini hurmat qilishga o‘rgatish, hunar o‘rgatish (kamida 3-4ta), kichikligidan kichik xarajatlari uchun o‘zi pul topishini rag‘batlantirish lozim. Ya’ni o‘g‘il va qizga munosabatimizni o‘zgartirishimiz kerak.

Ayollar orasida sarpo-suruq, to‘y-marosimlar borasida haddidan oshganlari ham bor. Bu ham bo‘lsa ularning hayotlaridagi teatr o‘yini kabidir. Ishoningki, bu sirtmoq ichidagilarning hech biri baxtli emas. Majburlik, manmanlik kasalligi, «boshqadan qolmay» tanlovining ishtirokchilaridir ular. Bu ko‘zbo‘yamachiliklar bora-bora yo‘q bo‘ladi. Chunki g‘oyalar o‘zgarayapti. Pandemiya insonlarga manmanlikdan ulkan saboq berdi: ko‘pchilik boshqalarga qarab yashamaslik, o‘z hayoti, o‘z oilasi har qanday dabdabadan ustun ekanini tushunib yetdi.  Biz bular haqida ko‘proq yozishimiz, yurtdoshlarimizning ko‘zlarini ochishimiz kerak. Chunki internet matbuoti sahnasidan boshqa o‘rganiladigan, anglatiladigan dargoh qolmadi. Dovul kabi har yerni sindirib-vayron etib kechayotgan VAQT ichidan, hech bo‘lmaganda, ba’zi bir qadriyatlarimizni omon saqlab qolaylik. Yuqorida aytilganlarni amalga oshirishni boshlashimiz bilan oradan 15-20 yil ichida jamiyat asta-sekin yangi yuzini ko‘rsatadi. U vaqtgacha balki yurtdan chiqib ketgan malakali mutaxassislarimiz qaytib kelar, O‘zbekistonda ta’lim, tibbiyot, iqtisod, moliya kabi sohalarda yangi tizimlar, milliy maktablar barpo etilar. Har holda umid bor.

– Ayol ayolni tushunishi, deganda nimani nazarda tutgan bo‘lardingiz?

– Har safar bir ayol bilan gaplashganimda, qarshimda aytar so‘zini ko‘z yoshi bilan ichiga yutgan O‘ZIMni ko‘raman. Chunki men ham 30 yoshida 2 bolasi bilan turtinib-surtinib, achchiq hayot mevasini totib ko‘rgan ayolman.  Aslida men ayollarga emas, o‘zimga yordam berishga harakat qilaman. Shu paytgacha biror ayolning dardiga begona ko‘z bilan qaramaganman. Men o‘zbek ayollarini yaxshi ko‘raman. Odobi uchun, soddaligi, beg‘uborligi uchun quvonaman. Ishonuvchanligi, siniqligi,chidamliligidan kuyunaman. Har safar «shu ayolga yordam berib bo‘lganimdan so‘ng ketaman», deyman. Ammo bir ayolga bir martalik yordam yetmaydi, uni yillar davomida qo‘llab quvvatlashingiz kerak. Chunki yurtimizda ayollar yuradigan ijtimoiy yo‘llar toshli-tikanli. Bir yerda albatta qoqiladi.

– Yaqinda bir loyiha boshlayotganingizni aytgandingiz...

– Bilasizmi biz chetga ketgan ayollar haqida gap ketganda doimo ijobiydan ko‘ra salbiy fikrlar eshitishga o‘rganib qolganmiz. Ammo hozir boshlamoqchi bo‘lgan loyiham o‘zbek ayollarining yutuqlarini ko‘rsatish, ularning ibrat bo‘ladigan hayot yo‘llarini  o‘rnak qilish. O‘ylaymanki, o‘zbek ayollarining salbiy tomonlaridan ko‘ra ijobiy tomonlarini ko‘rsatish boshqalarga albatta motivatsiya beradi...

Demak «Xabar» jamoasini ham bu ezguliklardan xabardor qilishni unutmaysiz...

– Albatta...

                                                                        Suhbatni Barno Sultonova tayyorladi

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring