Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Salim ibn Muhammad Al-Malik: «Islom madaniyati va sivilizatsiyasiga yuksak e’tiborni O‘zbekistonda ko‘rdim»

Salim ibn Muhammad Al-Malik: «Islom madaniyati va sivilizatsiyasiga yuksak e’tiborni O‘zbekistonda ko‘rdim»

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti – AYSESKO (ISESCO) rahbari Salim ibn Muhammad Al-Malik boshchiligidagi hay’at tashrif buyurdi.

Mehmonlar avvalo O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining qurilish jarayoni bilan tanishdilar. Markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov mehmonlarga muassasaning tarixi, faoliyati va kelgusidagi vazifalari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Mehmonlar tashrif chog‘ida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markazning 2-qavatida xorijiy tashkilotlar uchun ajratilgan joylar, jumladan, ICESCO uchun ajratilgan maxsus ofis bilan ham tanishdilar.

— Bu markaz qurilishini eshitgandim, ammo bu qadar mahobatli ekanligini o‘ylamagandim. Oddiy qurilish bo‘layotgandir, deb o‘ylagandim. Lekin ko‘rdimki, juda keng qamrovli ish olib borilyapti.  O‘zbekiston rahbariyatining, madaniy merosni o‘rganishga, islom tamadduniga davlat darajasida bunday e’tibor qaratayotgani juda meni hayratlantirdi va quvontirdi. Davlatingiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan juda katta amaliy ish bo‘layotganiga amin bo‘ldim. Dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lganman, ammo islom madaniyati va sivilizatsiyasiga yuksak e’tiborni O‘zbekistonda ko‘rdim, — dedi Salim ibn Muhammad al-Malik.


Martabali mehmon Markazda ICESCO tashkiloti uchun ajratilgan xona va yaratilayotgan sharoitlar uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga alohida minnatdorchilik bildirib, kelgusida Islom sivilizatsiyasi markazida ICESCO’ga a’zo  davlatlar mutaxassislari  uchun fan, madaniyat va boshqa sohalarda ilmiy-tadqiqotlar olib borish, yirik forum va simpoziumlar tashkil etish tashabbuslariga xayrixohligini ma’lum qildi.

Markaz binosida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishilgandan so‘ng, ikki tomonlama hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi. Jumladan, Markaz direktori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda «O‘zbekiston madaniy merosi – butun insoniyat mulki» mazusida xalqaro global ko‘rgazmani tashkil etish rejalashtirilayotgani, hozirgi kunga kelib Prezident Shavkat Mirziyoyevning mazkur g‘oyasini 12 ta xorijiy mamlakatlar, xususan, Malayziya, Yaponiya, Pokiston, Hindiston, Quvayt, BAA, Rossiya, Ozarbayjon, Italiya, Germaniya singari xorijiy davlatlardagi muzey va kutubxonalar, shaxsiy kolleksiyalar bilan muzokaralar olib borilib, Markazda tashkil etiladigan global xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etish uchun kelishuvga erishilgani haqida ma’lumot berildi.

O‘z navbatida, janob Salim Al-Malik ICESCO’ga a’zo islom davlatlarida saqlanayotgan va O‘zbekistonga bevosita aloqador bo‘lgan tarixiy artefaktlar, qimmatli qo‘lyozmalarning maxsus ko‘rgazmasini o‘tkazishga ham amaliy yordam berishini, yurtboshimizning mazkur ulug‘vor g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi.



Shuningdek, muloqot chog‘ida ICESCO rahbari O‘zbekistonda o‘tkazilishi kutilayotgan buyuk muhaddis Imom Buxoriy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotganiga ham to‘xtaldi. O‘z navbatida Markaz direktori ham bu konferensiya juda ahamiyatli ekanligini qayd etgan holda unga tayyorgarlik ishlarida hamkorlikka tayyorligini ma’lum qildi.

Salim Al-Malik O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi olimlari va tadqiqotchi xodimlari uchun ICESCO eshiklari har doim ochiq ekanligini ma’lum qildi. Shuningdek, uchrashuv davomida ikkita yirik tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Shuningdek, Markaz direktori martabali mehmonni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan madaniy merosni o‘rganish, tadqiq qilish, izlanishlar olib borilishi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan ham tanishtirdi. Xususan, noyob qo‘lyozmalarning faksimil nusxalarini tayyorlash, nashriyot ishlari kabi  yo‘lga qo‘yilgan bir qator loyihalar doirasida Yer yuzidagi eng qadimiy nusxalardan biri hisoblangan Katta Langar Qur’onining tarqalib ketgan qo‘lyozmalari tadqiq qilingani, O‘zbekiston va Rossiyada saqlanayotgan sahifalari yagona jildda chop etilgani haqida ham ma’lumot berdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ICESCO rahbariga ana shu Katta Langar Qur’onining faksimil nusxasini hadya qildi.

— Men davlatingiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ilm-fan, ma’rifat, madaniy meros, islom qadri qimmati uchun yaratilayotgan e’tibordan mamnun bo‘ldim. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi buning yaqqol isboti va namunasi ekanligini angladim. Dunyoning juda ko‘p davlatlarida hukumat va davlat rahbarlaridan ko‘plab sovg‘alar olganman, lekin Katta Langan Qur’oni faksimilesi tuhfasi men uchun hayotimdagi eng qimmatlisi bo‘ldi, — dedi Salim Al-Malik.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring