Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqand Iqlim Forumida qanday natijalarga erishildi?

Samarqand Iqlim Forumida qanday natijalarga erishildi?

Joriy yilning 4–5-aprel kunlari O‘zbekiston yana bir muhim xalqaro tadbir — Samarqand Iqlim Forumiga mezbonlik qildi.

Mazkur forum Markaziy Osiyo tarixidagi iqlim masalasiga bag‘ishlangan ilk tarixiy voqelikka aylandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining uch nafar o‘rinbosari, BMTning ekologiya yo‘nalishidagi tashkilotlari, konvensiyalari rahbarlari, bir qancha davlatlar, xalqaro tashkilotlar va agentliklarning (UNCCD, FAO, UNIDO, UNECE, ICBA va hokazo) 30 dan ortiq ekologiya sohasiga mas’ul vazirlari, yetakchilari hamda boshqa ko‘plab xorijlik mutaxassislarning ishtiroki Forumning nufuzini yanada oshirdi.

Forumda Yashil rivojlanish konsepsiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi va ushbu konsepsiyani Braziliyada bo‘lib o‘tadigan COP30 doirasida tasdiqlash uchun tegishli choralar ko‘rishga kelishildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston 2023-yilda COP28 da rasman ishga tushirilgan sanoat dekarbonizatsiyasi va global darajada jamoaviy harakatni kuchaytirish bo‘yicha tajriba almashish uchun platforma bo‘lib xizmat qiluvchi, yuqori iqlim ambitsiyalariga ega 43 mamlakatning ixtiyoriy koalitsiyasi hisoblangan «Climate Club»ga a’zo bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, «Climate Club» faoliyati uchta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi: tashlamalarni kamaytirish bo‘yicha shaffof siyosatni amalga oshirish, sanoatni o‘zgartirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash. Tashkilotning asosiy maqsadi Parij kelishuvini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash va global sof «nol chiqindi»ga erishish uchun iqlim bo‘yicha harakatlarni tezlashtirishdir.

Shuningdek, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan «Atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlimga qarshi kurash va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida»gi Anglashuv Memorandumi imzolandi. Mazkur Memorandum O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlimga qarshi kurashish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va ularni boshqarish sohasida aniq harakatlar va tadbirlarni amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishga xizmat qiladi. Maqsad O‘zbekistonning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan barqaror, iqlim sharoitiga chidamli va emissiyasi kam bo‘lgan rivojlanishiga hissa qo‘shish va turli xalqaro konvensiyalar, shartnomalar shartlarini bajarishda qo‘llab-quvvatlashdir.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Qirg‘iz Respublikasi Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vazirligi o‘rtasida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (Green University)kadrlar tayyorlash uchun kvota ajratish to‘g‘risida Memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, Qirg‘iz Respublikasi talabalariga 9 tagacha kvota o‘rinlari ajratiladi (bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun 5 tagacha, magistratura ta’lim yo‘nalishlari uchun 4 tagacha). Memorandumdan maqsad mintaqaviy hamkorlik va barqaror rivojlanish, atrof-muhitni o‘rganish va iqlim o‘zgarishi sohasida salohiyatli kadrlar sonini oshirishdan iborat.

Bundan tashqari, BMT Bolalar jamg‘armasining (UNICEF) O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida strategik hamkorlik bo‘yicha o‘zaro Anglashuv Memorandumiga imzo chekildi. Unga ko‘ra, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va salbiy oqibatlari ta’sirini yumshatish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va bolalar uchun muhim xizmatlarning inklyuziv, barqaror va ekologik xavflarga tayyor bo‘lishini ta’minlash yo‘li bilan bolalar va yoshlarning chidamliligini mustahkamlash sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlantiriladi. Shuningdek, dolzarb ekologik masalalarda bolalarning ishtiroki kengaytiriladi va ularning salomatligini ta’minlash ustuvor vazifaga aylantiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring