«Samarqandda ko‘zi ko‘kargan bolakay» yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berildi
Bir muddat oldin Samarqandda otasi kaltaklagani aytilgan yosh bolaning ko‘zi ko‘kargani aks etgan video tarqalgan va holat yuzasidan Samarqand viloyati IIBning rasmiy munosabati e’lon qilingan edi.
Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani ham o‘rganishlari natijasini va o‘z munosabatini e’lon qildi.
Aniqlanishicha, Urgut tumani Yuqori Qalangar mahallasida 2017-yilda tug‘ilgan A.A. yuz-ko‘zidagi jarohati tufayli joriy yilning 30-oktyabrida tuman markaziy shifoxonasiga otasi A.X. tomonidan olib kelingan va ushbu holat yuzasidan Urgut tuman IIB tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borilgan.
Tekshiruv davomida A.A ning olgan jarohati yuzasidan 3-noyabr kuni sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlangan bo‘lib, unga ko‘ra bolaga jarohat o‘tmas qattiq jismlar ta’sirida yetkazilganligi xulosa qilingan. Tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli 25-noyabr kuni JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Mazkur holat Bolalar ombudsmani va Bosh prokuratura nazoratiga olinganidan so‘ng jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan rad etish to‘g‘risida qaror tuman prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganilib, 12-dekabr kuni bekor qilingan va qo‘shimcha tekshiruv harakatlari olib borish uchun tuman IIB huzuridagi TBga yuborilgan.
Qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv davomida bola psixolog tomonidan pedagog ishtirokida (videoyozuvda qayd qilingan holda) suhbat qilinganda, u 29-oktyabr kuni otasining uyi yaqinidagi savdo do‘koni oldida amakisiga tegishli bo‘lgan qora mollarni orqasidan yugurib, asfalt qoplamasiga yiqilganligi, burni qonab, yuzi shilinganligini bayon qilgan.
Shuningdek, A.A ni yiqilganini guvohi bo‘lgan do‘kon sotuvchisi L.S. o‘z tushuntirishida bolaning haqiqatdan ham chorva mollarni orqasidan yugurishi natijasida yuzi bilan yerga yiqilib tushganligini ko‘rganligini va jarohat yiqilish natijasida bo‘lganini tasdiqlagan.
Bolalar ombudsmani, shuningdek, bola manfaatlari nuqtai nazaridan mazkur holat yuzasidan nazoratni davom ettirishini ma’lum qilib, oilaviy nizolarda, ayrim hollarda, birinchi navbatda farzandlar jabr ko‘rayotganidan xavotir bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter